Ov qilish uchun qanday hujjatlar kerakligi ma’lum qilindi

“Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-627-son qonun 2020-yil 8-iyul kuni e’lon qilingan. Bu haqda Norma xabar berdi.

Foto: Klike.net

Qonun bilan ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ov qilish uchun ajratilgan hududlar, ovchilik resurslarini izlab topish normalari, ov qilish qoidalari, ovchilar va ovchilik xo‘jaliklarining huquqlari va majburiyatlari, ov qilish turlari, qurollari va usullari, yovvoyi hayvonlarni tutib olganlik va otganlik uchun to‘lov miqdorlari belgilangan.

Ov qilinadigan hayvonlar populyatsiyasi va ularning yashash muhitining davlat monitoringi belgilangan, ov qilish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar ro‘yxati va turlari aniqlashtirilgan. Shuningdek ovchilik turizmi va chet ellik fuqarolar ov qilish imkoniyatlari nazarda tutiladigan bir qator chora-tadbirlar belgilangan.

Tabiiy erkinlik holatida yashayotgan yovvoyi hayvonlarni (ularning yashash faoliyati mahsulotlarini) tutish maqsadida ularni izlash, ularning iziga tushish va ularni ta’qib qilish, tutishga urinish yoki tutish (otish, tutib olish) ov qilish hisoblanadi. Ovchi – haqiqiy ovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs, shu jumladan, O‘zbekistonda vaqtincha turgan va ov qilish sohasida xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan chet ellik fuqaro.

Ovchilik sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar quyidagilar hisoblanadi:

  • ovchilik guvohnomasi, u muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, ovchilik minimumi bo‘yicha sinov imtihonini topshirgan jismoniy shaxslarga ovchilik jamoat birlashmalari tomonidan beriladi;
  • yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma, u ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hududiy organlari tomonidan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir tasdiqlangan kvotalarga muvofiq ruxsatnoma berilganligi uchun to‘lov kiritilganidan keyin beriladi;
  • ovchilik yo‘llanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi), yovvoyi hayvonlarni tutishga doir olingan kvotalar asosida beriladi va uning egasiga mavsumiy yoki bir martalik ovni amalga oshirish huquqini taqdim etadi.

O‘zbekiston hududida yovvoyi hayvonlarni ov qilish to‘lov asosida amalga oshiriladi. To‘lovlar ruxsatnomada ko‘rsatilgan har bir yovvoyi hayvon uchun kiritiladi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga yillik kvotalar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Fanlar akademiyasining xulosasiga asosan tasdiqlanadi.

Quyidagi ov qilish turlari belgilangan:

  • sport va havaskorlik maqsadida;
  • sanoat maqsadida;
  • o‘lja olish maqsadida;
  • yovvoyi hayvonlarni yarim erkin shartlarda yoki sun’iy yaratilgan yashash muhitida saqlash va ko‘paytirish maqsadida;
  • ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish maqsadida;
  • yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish maqsadida.

Ov qilish huquqiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar uchun ovni tashkil etish chet ellik fuqarolar va turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxs hamda ovchilik xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Shartnomada ov qilishni amalga oshirish shartlari, ko‘rsatilgan xizmatlar va tutilgan ov mahsuloti uchun haq to‘lash miqdori belgilanadi.

Ovchilik xo‘jaligi hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishga doir biotexnik tadbirlarni o‘tkazish, yovvoyi hayvonlar sonining hisobini hamda tutiladigan yovvoyi hayvonlarning hisobini yuritish, yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish uchun ov qilish joylari hududida tashkil etiladi.

Ovchilik xo‘jaligini yuritish huquqi yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan ov qilish joylarini 3 yildan 10 yilgacha berish to‘g‘risidagi shartnoma quyidagilar bilan imzolangan kundan e’tiboran yuzaga keladi:

  • ov qilish joylari o‘rmon fondi yerlarida joylashgan bo‘lsa, O‘rmon fondi xo‘jaligi bilan;
  • ov qilish joylari o‘rmon fondi tarkibiga kirmaydigan yerlarda joylashgan bo‘lsa, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan.

Ushbu qonun ovchilik resurslaridan oqilona foydalanish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ovchilik xo‘jaliklarini, ovchilik turizmini rivojlantirish va ularni hisobga olish, ko‘paytirishning davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, yovvoyi hayvonlar sonini va ularni tutish normalarini tartibga solish uchun xizmat qiladi.

Hujjat 2020-yil 10-oktabrdan kuchga kiradi