“Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi doirasida oʻzbek kinematografiyasi tarixi haqida kitob tayyorlanadi

“Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi doirasida oʻzbek kinematografiyasi tarixi haqida kitob tayyorlanadi. Kitobda 100-yildan ortiq davrni qamrab olgan oʻzbek kinematografiyasining tarixi, jumladan kinoning ilk shakllanish jarayoni, kinematograflar va aktyorlar, koʻplab suratlardan iborat ushbu nashr milliy kinomizning haqiqiy rang-barang ensiklopediyasiga aylanadi. Koʻp qismli turkumlarning navbatdagi kitob-albomi muallifi kinoshunos ekspert Nigora Karimova.

– Ushbu kitobning oʻziga xosligi yaqqol maʼlum. Birinchidan, bunday katta hajmli tizimlashtirish bizning mamlakatimizda qariyb 40 yildan buyon amalga oshirilmagan. Ikkinchidan, kinematografiya sanʼat sifatida Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari orasida ilk bor Oʻzbekistonda paydo boʻlgan. Shuning uchun ham uning tarixi boy va turfadir. Oʻzbekiston milliy kinematografiya elitasini shakllantirgan va oʻz davrida toʻliq metrajli badiiy filmlar ishlab chiqarishga muvaffaq boʻlgan mamlakat sifatida alohida eʼtirofga sazovor davlatdir. Zero oʻsha mumtoz filmlar hali ham dunyo ahli tomonidan sevib tomosha qilinadi, – deya taʼkidladi Nigora Karimova. – Kitobda kino haqidagi hikoya Oʻzbekistonning tarixi, madaniyati, ijtimoiy hayot tarzi orqali taqdim etiladi. Jumladan, oʻtgan asrning 20-yillarida har qanday xotin-qiz yuzini ochishi masalasi taqiqlangan keskin bir davrda yosh oʻzbek aktrisasining ekranda namoyon boʻlishi bu haqiqiy jasorat namunasi tarzida eʼtirof etilgan.

Bundan tashqari, ushbu nashr soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kino sanoatining rivojlanishidagi muhim lavhalarni ham oʻz ichiga oladi. Unda kinodagi islohotlar, suratga olishning zamonaviy usullari va boshqa koʻplab mavzular haqida soʻz boradi. Ushbu mavzu, muallifning niyatiga koʻra birgina albom bilan cheklanib qolmaydi.

“Biz turkum kitoblar ustida ishlamoqchimiz, chunki milliy kino sanʼatimiz va animatsiya mavzusi keng qamrovli va bitmas-tuganmasdir”, – deya fikrini yakunladi kinoshunos Nigora Karimova.