O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralarining hajmi e’lon qilindi

O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari hajmi 2020 yil 1 iyul holatiga ko‘ra 32,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Foto: MarketWatch

O‘zbekistonning zaxiralari hali ham zaif diversifikatsiyalangan — deyarli barchasi monetar oltin (19,4 milliard dollar) va xorijiy valyutada (12,4 milliard dollar) saqlanmoqda. Ushbu muammoni AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olish orqali hal qilish rejalashtirilgan.

Markaziy bank ushbu ma’lumotlarni oshkor qila boshlaganidan beri (2017 yil kuzida) birinchi marta rasmiy zaxiralar 32 milliard dollardan oshdi. Ular, asosan, oltin narxining o‘sishi hisobiga ortdi.

Zaxiralar, shu bilan birga, mamlakatning «xavfsizlik yostiqchasi» deb ham hisoblanadi — ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur va zaxiralarning yetarliligi shok holatlarning xususiyatiga bevosita bog‘liq.

Ayni vaqtdagi zaxira miqdori 20 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli. Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkichdan ko‘pdir.