O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 18,2 foizga kamaydi

2020-yilning yanvar—iyun oylari yakuni bo‘yicha O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi (TSA) 15,855 milliard dollarni tashkil etib, 2019-yilning shu davriga nisbatan 3,528 milliard dollarga (18,2 foiz) kamaydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 6,285 milliard dollarga (22,6 foizga kamaygan) va import hajmi 9,57 milliard dollarga (15 foizga kamaygan) yetgan. Hisobot davrida 3,285 milliard dollar qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etilgan.

Eksport hajmi dinamikasidan ko‘rish mumkinki, birinchi chorakda u 3,3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, ikkinchisida 2,9 milliard dollarga yetgan (13,8 foizga, ya’ni 464 milliard dollarga kamaygan). Import hajmi yanvar-mart oylarida 4,7 milliard dollarni, aprel—iyun oylarida esa biroz oshib, 4,8 milliard dollarga yetgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston jahonning 150 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (18,1 foiz yoki 2,8 milliard dollar), Rossiya (16,3 foiz yoki 2,5 milliard dollar), Qozog‘iston (8,4 foiz yoki 1,3 milliard dollar), Janubiy Koreya (7,1 foiz yoki 1,1 milliard dollar), Turkiya (5,6 foiz yoki 886,6 million dollar), Qirg‘iziston (2,5 foiz yoki 395,2 million dollar) va Germaniya (2,1 foiz yoki 337 million dollar) davlatlarining ulushlariga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston eksporti tarkibida asosiy ulushni oltin (33,8 foiz), sanoat mahsulotlari (18,7 foiz), oziq-ovqat va tirik hayvonlar (8,9 foiz), kimyoviy vositalar (6,1 foiz), mineral yoqilg‘i (5,1 foiz) va boshqa mahsulotlar tashkil etadi.

Import sohasida asosiy ulush mashina va transport qurilmalari (37,1 foiz), sanoat mahsulotlari (16,8 foiz), shuningdek, kimyoviy vositalari va muqobil mahsulotlar (13,7 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.