Seshanba, 4-Avgust 2020

O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini kechayotgani rasman tan olindi

Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga “hayfsan” e’lon qilish haqidagi farmoyishida O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini ketayotgani ta’kidlangan. O‘zbekiston hukumatining 329-sonli farmoyishi 16-iyul kuni e’lon qilindi.

Foto: Gazeta.ru

“Jahon miqyosida koronavirus pandemiyasi tarqalishi tufayli O‘zbekistonda ham ushbu infeksiyaga qarshi kurashish, uning aholi orasida keng tarqalib ketmasligining oldini olish, samarali karantin va davolash tizimini yaratish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, epidemiyaning ikkinchi to‘lqini natijasida Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar va u bilan bog‘liq o‘limlar soni keskin oshib ketdi. So‘nggi uch hafta davomida respublikada aniqlangan 7700 bemorning 2800 nafari Toshkent shahri aholisi o‘rtasida aniqlandi hamda respublika bo‘yicha ushbu kasallikdan bevaqt vafot etgan jami 50 kishidan 32 tasi Toshkent shahrida qayd etilganligi ham poytaxtdagi epidemiologik vaziyat izdan chiqqanligini ko‘rsatmoqda”, — deyiladi farmoyishda.

Oxirgi 10 kun ichida Sog‘liqni saqlash vazirligi amaldorlari O‘zbekistonda birinchi to‘lqin davom etayotgani haqida fikr yuritgandi. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov bilan “Sputnik O‘zbekiston”da 6-iyul kuni e’lon qilingan intervyuda ikkinchi to‘lqin haqida savol berilgandi.

Muxbir savoli: Ma’lumki, chegaralar ochilmoqda va ma’lum bo‘lishicha, biz hozirda birinchi to‘lqinning ikkinchi cho‘qqisidamiz. Hamma gapirayotgan ikkinchi to‘lqin chegaralar ochilishi bilan sodir bo‘lishi mumkin emasmi?

Botirjon Qurbonov javobi: Ayni paytda biz bu haqda ko‘p o‘ylamoqdamiz: ya’ni qanday mexanizm ishlab chiqish va amalga oshirish mumkinligi haqida. Chegaralarni ochmaslik iqtisodiy holatni tang ahvolga keltirishi mumkin. Demak, eng yaxshi sinalgan chora — bu kasallik ko‘p aniqlangan joylarda karantin choralarini kuchaytirish. Shuningdek, bizda ushbu infeksiyani tartibga solish va o‘z vaqtida aniqlash, unga qarshi turish bo‘yicha imkoniyat bor.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin choralarini kuchaytirish borasidagi qarori yuzasidan 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov O‘zbekistonda kasallikning birinchi to‘lqini davom etayotganini bildirgandi.

“Har qanaqa turdagi yuqumli kasallik tarqalishi uchun epidemik jarayon bo‘lishi kerak. Epidemik jarayonning esa uchta bo‘g‘ini bor. Bu kasallik manbayi, yuqish yo‘li va yuqtirib oluvchi shaxs. Mana shu uchta bo‘g‘inning birontasi bo‘lmasa, kasallik bir odamdan ikkinchi odamga yuqmaydi. Demak, biz olib borayotgan harakatlarimizning negizi mana shu uchta bo‘g‘inning qaysi biriga qaratilishidan qat’i nazar, bitta bo‘g‘inni uzishga qaratilishi kerak.

Juda ko‘p fikrlar bo‘lyapti, kasallikning birinchi to‘lqini, ikkinchi to‘lqini, uchinchi to‘lqini… Kimlardir juda ko‘p to‘lqinlarni sanab yubordi. Lekin bitta narsani aniq bilaylik, biz hali birinchi to‘lqinni uzganimiz yo‘q. Qachonki, kasallik qayd etilishi umuman to‘xtasa va bitta kasallikning yashirin davri muddati ichida bironta ham bemor qayd etilmasa, O‘zbekistondagi kasallikka chalinganlarning manbayi hammasi jilovlangan bo‘lsa, biz birinchi to‘lqinni sal surib qo‘ydik, degan fikrga borishimiz mumkin bo‘ladi. Shuning uchun, keling, biz ikkinchi, uchinchi, yigirmanchi to‘lqinlar haqida hozir qayg‘urib o‘tirishimizga, tashvish qilishimizga, motam qilishimizga hech ham asos yo‘q”, — degandi Nurmat Otabekov.

O‘zbekiston 15-mart kuni birinchi marta koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor qayd etilgandi. Shundan so‘ng kasallik birontayam odamda aniqlanmagan kun bo‘lmadi. Iyun oyiga kelib koronavirus tarqalishi tezlashib ketdi. 23-iyundan so‘ng kasallangan bemorlar soni 200 nafardan kamaymadi, 8-iyuldan beri esa kuniga 400 dan ortiq bemorda koronavirus aniqlanmoqda. 13-iyul kuni 594 kishida kasallik aniqlanishi O‘zbekistonning antirekordi bo‘lib turibdi. 16-iyul soat 17:30 holatiga ko‘ra, kasallanganlarning umumiy soni 14 991 nafarni tashkil etmoqda.