O‘zbekistonda lotereyalarni tashkil etish litsenziyalanadigan faoliyat turlari ro‘yxatidan chiqariladi

“Lotereyalarni tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.

Foto: On Tap Blog

Qaror loyihasida:

  • 2021-yil 1-iyuldan lotereyalarni tashkil etish uchun avval berilgan litsenziyalarning amal qilish muddati to‘xtatilishi va ushbu faoliyat turini litsenziyalanadigan faoliyat turlari ro‘yxatidan chiqarib tashlash;
  • 2021-yilning 1-yanvardan boshlab, lotereyalarni o‘tkazish bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatish huquqini Yagona lotereyalar operatori tanlovini o‘tkazish maxsus komissiyasi tomonidan tanlanadigan yagona lotereya operatoriga berish;
  • Kapital bozorini rivojlantirish agentligini O‘zbekiston hududidagi yagona lotereya tashkilotchisi sifatida belgilash va lotereyani tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni lotereyalarni tashkil etish faoliyatidan tushadigan mablag‘lar hisobidan qoplash kabilar ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan lotereyalarning yutuq (mukofot) jamg‘armasi lotereya biletlarini sotishdan tushgan pul mablag‘larining kamida 60 foizini tashkil etishi belgilanishi mumkin.

Shuningdek, hujjatda yagona lotereya operatori tanlov asosida Maxsus komissiya tomonidan tasdiqlanishi, tanlovda nomzod sifatida davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruv organlari hamda davlat tashkilotlarining qatnashishi man etilishi belgilanadi.

Loyihada Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga bir oy muddatda Yagona lotereya operatorini tanlov asosida aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni 2021-yilning 1-noyabriga qadar Lotereyalarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning yangi tahririni, 2021-yilning 1-iyuliga qadar “Lotereyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilishi belgilangan.