AQSH prezidenti Twitter’da “Vaksina haqida ajoyib yangilik” deya xabar qoldirdi

Foto: ISRAEL21c

AQSH prezidenti Donald Tramp «Twitter»dagi sahifasida “Vaksina haqida ajoyib yangilik” deya xabar qoldirdi. Ammo AQSH rahbari ushbu postini boshqa izohlamagan. Shunday boʻlsada, uning bu qaydlari koʻplab odamlarga umid va ishonch bergani, aniq.

Keyingi kunlarda koronavirusga qarshi vaksina yaratish borasida ayrim natijalarga erishilgani maʼlum qilindi. Xususan, Rossiyaning Sechenov universitetida oʻtkazilgan koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlarida ishtirok etgan koʻngillilar uning qanday taʼsir qilgani haqida soʻzlab berishdi.

Sinovlarda qatnashgan Anna Gutkinaning aytishicha, vaksina bilan emlanganidan keyingi dastlabki ikki kun davomida uning tana harorati 38 darajaga koʻtarilgan va qaltiroq tutgan. Bu holat paratsetamol yordamida bartaraf etilgan. Yana bir koʻngilli Georgiy Smirnovning soʻzlariga koʻra, u emlanganining birinchi kunida kechki payt boshi ogʻrigan, ertalab esa tana harorati 37,5 darajaga koʻtarilgan. U ham paratsetamol qabul qilganidan soʻng harorati tushgan.

Avvalroq Sechenov universiteti xodimlari vaksinaning xavfsiz ekanligi isbotlanganligini xabar qilgandi. Qayd etilishicha, vaksinaning birinchi partiyasi avgust oʻrtalarida tibbiyot muassasalariga yetkazib beriladi, sentyabrdan esa uni ommaviy ishlab chiqarish boshlanadi.

Isroilning Quddus universiteti olimlari qonda xolesterin miqdorini pasaytira oladigan mavjud dori “Covid-19”ni davolashda samarali boʻlishi mumkinligini aytishmoqda. Ularning soʻzlariga koʻra, infeksiya uglevodlarning odatiy erish jarayoniga qarshi chiqadi va natijada oʻpka hujayralarida koʻp miqdordagi yogʻ toʻplanib qoladi, bu esa oʻz navbatida, virusning koʻpayishi uchun zarur sharoitni yaratib beradi. «Fenofibrat» dorisi esa oʻpka hujayralariga toʻplangan yogʻ qatlamlarini tezroq erishiga yordamlashib, “SARS-CoV-2”ning koʻpayish qobiliyatini pasaytiradi.

Amerikaning “Moderna” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan vaksina tadqiqotning ilk bosqichidagi barcha — 45 bemorda kuchli immunitet reaksiyasini keltirib chiqardi. Mutaxassislarning aytishicha, koʻngillilar 15 kishidan iborat uch guruhga boʻlingan. Sinov ishtirokchilariga 25, 100 va 250 mikrogram miqdordagi dozalar yuborilgan. Natijada barcha bemorlar organizmida antitanachalar ishlab chiqarilgan.

Koronavirus bilan bogʻliq tadqiqot oʻtkazgan shveysariyalik immunolog Beda Shtadler “Covid-19”, shunchaki, keng tarqalgan mavsumiy kasallik ekanligini, uning simptomlarsiz tashuvchilari mavjud emasligini maʼlum qildi. Aytishicha, bunday insonlarda faqat immunitet bor, xolos.