Shavkat Mirziyoyev dori vositalarining uch oylik zaxirasini yaratishga topshiriq berdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida viloyatlarda to‘rtta sektor rahbarlariga (hokim, prokuror, ichki ishlar boshqarmasi va soliq boshqarmasi boshlig‘i) dori vositalarining uch oylik zaxirasini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joylarda dori vositalari qimmatlashsa, odamlarning noroziligiga olib keladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, beramiz. Lekin dori vositalari qimmatlashsa, odamlarimizning noroziligiga olib keladi. Ana shuni qattiq nazoratga olish kerak. Yana bir marta aytaman: zaxiramizda hammasi bor, nima yo‘q bo‘lsa — olib kelamiz. Shu bilan birga, joylarga yetkazib berish borasida qiyinchiliklar yuzaga chiqmoqda. Har bir hududda narxlar farq qiladi. Shuning uchun zaxira tayyorlash va narxlarga e’tibor qaratish kerak», — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, prezident sektorlar rahbarlariga oziq-ovqat bozorlaridagi narxlarni nazorat qilishni ham topshirdi.

«Viloyatning to‘rtta rahbari o‘z hududlarida bozorlarni nazorat qilishlari kerak. O‘zbekistonda oziq-ovqat bilan hech qanday muammo yo‘q. Xudoga shukur, hozir hosil vaqti. Aholiga sifatli va arxon mahsulot yetib borishi uchun choralar ko‘rish kerak. Qishga tayyorgarlikni bugungi kundan boshlaymiz», — deya ta’kidladi u.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, hokimlarga ertalab 8:00 dan 9:00 gacha va kechqurun 21:00 dan 22:00 gacha ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning savollariga javob berishni topshirdi.

Prezident matbuot xizmatining xabarida qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining uch oylik zaxirasini tashkil etish bo‘yicha ham topshiriq berildi.