Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 13 mingdan oshdi

2020-yil 13-iyul soat 10:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 13193 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda SSV axborot xizmati maʼlum qildi.

Yangi kasallanish holatlarining 142 nafari Toshkent shahrida aholi orasida, 25 nafari Namangan viloyatida (shundan 21 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 4 nafari aholi orasida), 20 nafar Buxoro viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 9 nafari Fargʻona viloyatida (shundan 2 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 7 nafari aholi orasida) aniqlangan.

Ayni paytda yurtimizda 7852 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sogʻaygan.

Hozirda mamlakatimizda 5280 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar boʻyicha davo choralari koʻrilmoqda. Ulardan 43 nafari ogʻir, 7 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda.

Shu bugunning o’zida koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemor oʻtkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. COVID-19 joriy yilning 10-iyul kuni Shayxontohur tumanida yashovchi 67 yoshli M.T. (ayol)da tasdiqlangan. Shu kuniyoq oʻtkir nafas yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli ogʻir boʻlganligi uchun Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan.

Shifoxonada unga “COVID-19” infeksiyasining oʻta ogʻir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, oʻtkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qoʻyilgan.

Oʻtkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor oʻtkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.