C5+1 formatdagi muloqot boʻyicha qoʻshma bayonot berildi

Quyidagi bayonot matnini Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumati hamda Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatlari AQSH davlat kotibi va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari C5+1 uchrashuvi munosabati bilan tarqatgan.

30-iyun kuni AQSH davlat kotibi hamda Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirlari C5+1 formatda uchrashuv oʻtkazdi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyo va mintaqada iqtisodiy moslashuvchanlikka erishish, xavfsizlik va barqarorlikni yana-da kuchaytirishga qaratilgan oʻzaro saʼy-harakatlar boʻyicha keng qamrovli bahs-munozaraga kirishdilar. Ular Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish yoʻlidagi urinishlarni hamda Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlari bilan bogʻlovchi savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyishni qatʼiy qoʻllab-quvvatladilar. 30-iyundagi uchrashuvda ishtirokchilar kelgusida C5+1 formatdagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashga oid faoliyat dasturini kelishib oldilar.

S5+1 faoliyat dasturi

Birinchidan, ishtirokchilar Savdo va investitsiya boʻyicha doiraviy bitim (TIFA) doirasida qoʻshma faoliyatni mustahkamlashni davom ettirishga kelishishdi. Shuningdek, ular C5+1 iqtisodiy masalalar boʻyicha ishchi guruhi uchrashuvlari uchun imkoniyatlar yaratishga hamda uning majlislarida Taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi, AQSH eksport-import banki va AQSH Savdo vazirligi qoshidagi Xalqaro savdo maʼmuriyati bilan keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini koʻrib chiqishga kelishib oldilar. Iqtisodiy masalalar boʻyicha ishchi guruh xotin-qizlar uchun iqtisodda qulay sharoitlarni yaxshilashga intiladi hamda qaysi oʻrinlarda S5+1 iqtisodiy tiklanish va farovonlikning faol aʼzolari sifatida ayollarni qoʻllab-quvvatlashi mumkinligini aniqlaydi. Ushbu guruh Afgʻonistonning tranzit salohiyatini rivojlantirishdagi hamkorlikni, jumladan xalqaro moliya muassasalarining yirik loyihalarni Afgʻoniston bilan hamkorlikda mablagʻ bilan taʼminlash imkoniyatlarini koʻrib chiqadi. Guruh, shuningdek, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, turizm, transport, axborot texnologiyalari, moliyaviy shaffoflik va moslashuvchanlikni oshirishni muhokama qiladi.

Ikkinchidan, energetika va atrof-muhit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ishtirokchilar C5+1 format doirasida qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalaridan foydalanish integratsiyasi, xususiy sektorga sarmoya jalb etish, shuningdek, havo va suv sifatini yaxshilash boʻyicha ishchi guruhining ekspertlar bilan uchrashuvini tashkil etishga imkon yaratishga kelishib oldilar. Ishchi guruh innovatsiya va texnologiya yordamida Markaziy Osiyoning ekologik jihatdan noqulay hududlarida, shu jumladan, Orol dengizi havzasidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash masalalarini muhokama qiladi. Bundan tashqari, ishchi guruh ekologik muammolarga moslashish uchun ishlab chiqilgan milliy rejalarni hamda mintaqadagi boshqa energetika sohasiga oid loyihalar, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya, energiya samaradorligi hamda shu sektorning barcha bosqichlariga ayollarni jalb etishni qoʻllab-quvvatlashni muhokama qiladi.

Uchinchidan, ishtirokchilar tovarlarning erkin oqimiga imkon berish, odam savdosi va noqonuniy tovarlar olib oʻtilishining oldini olish, yadroviy va radiologik xavfsizlik hamda chegara xavfsizligi boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni oshirish uchun S5+1 xavfsizlik masalalari boʻyicha ishchi guruhi doirasida qoʻshma faoliyatni davom ettirishga kelishib oldilar. Xavfsizlik boʻyicha ishchi guruh tinchlik oʻrnatish va uni saqlab turish, mojarolarning oldini olish va tegishli javob qaytarish, terrorizm va buzgʻunchi ekstremizmga qarshi kurashishda xotin-qizlar xavfsizligi va mazmunli ishtirokini oshirishga intiladi. Ushbu guruh, shuningdek, zoʻravon ekstremizmga qarshi turish, terrorist tarmoqlarning onlayn yollash harakatlariga qarshi kurashish, terrorizmga qarshi qoʻshma va mintaqaviy treninglar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga xalqaro majburiyatlarini bajarishga imkon beruvchi mashgʻulotlar oʻtkazishni muhokama qiladi.