Pandemiya jahonda millionlab aholini goʻsht isteʼmolidan voz kechishga majbur qilishi mumkin

Aholi jon boshiga goʻsht isteʼmoli koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yilda deyarli 3 foizga kamayishi mumkin, bu 2011-yildan beri eng past koʻrsatkichdir. Bu haqda “Bloomberg” BMT maʼlumotlariga tayanib yozmoqda.

Foto: GoFundMe

Tahlilchilar ushbu mahsulotga boʻlgan umumiy talabning pasayishini taxmin qilishmoqda. Masalan, AQSHda goʻsht isteʼmoli inqirozgacha boʻlgan darajaga qaytmasligi mumkin, hech boʻlmaganda 2025-yilgacha. Ushbu tendensiya tufayli pandemiya davrida dunyo boʻylab millionlab aholi goʻshtdan voz kechishga majbur boʻladi.

Pandemiya taʼsirida koʻplab mamlakatlarda restoranlarning yopilishi ham talabga kuchli zarba berdi. Dunyoda goʻsht isteʼmolining chorak ulushini tashkil etadigan Xitoyda koronavirus avj olganidan keyin mahsulotga boʻlgan ishonch ham kamaygan. Ishlab chiqarishdagi uzilishlar narxlarning koʻtarilishiga olib keladigan taʼminot muammolarini keltirib chiqargan.

Yana bir misol, AQSHda goʻsht oddiy amerikaliklar uchun qimmatlik qilmoqda va u boylar isteʼmol qiladigan mahsulotga aylanib ulgurdi. COVID-19ning keng tarqalishi tufayli mamlakatda goʻshtni qayta ishlash hajmi pasayib ketgan.