Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kimlar o‘z shaxsiy avtomashinasida kirib-chiqishi mumkinligi ma’lum qilindi

AOKAda 9-iyul, payshanba kuni Respublika maxsus komissiyasining karantin choralarini kuchaytirish borasidagi qarori yuzasidan bo‘lib o‘tgan brifingda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olim Saidov Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kimlar ishi yuzasidan o‘z shaxsiy avtomashinasida kirib-chiqishiga ruxsat etilishi yuzasidan izoh berdi.

Qarorda ko‘rsatib o‘tilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi to‘xtatiladi. Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno.

Avtotransport vositalari harakatlariga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati bor. Ushbu ro‘yxatda bir qator korxona, tashkilotlar ko‘rsatilgan. O‘sha korxona tashkilotlarning xodimlari Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib kelishiga hech qanday cheklov bo‘lmaydi. Faqatgina xodimlar ro‘yxatda ko‘rsatilgan tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotganligi to‘g‘risidagi hujjat asosida harakatlanadi. Ya’ni vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va boshqa davlat organlarida ishlamaydigan fuqaro Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib kela olmaydi. Faqatgina ro‘yxatda ko‘rsatilgan tashkilotlarning xodimlari o‘zlarining shaxsiy avtomobilida kirib keladi. O‘shanda ham, bu berilgan huquqni suiiste’mol qilmagan va karantin madaniyatiga rioya etgan holda kirib kelinadi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari har bir transport vositasini vizual ko‘zdan kechirib, avtotransport yo‘nalishi va aniq manzili yuzasidan tushuntirish so‘rashi mumkin, deb ko‘rsatib o‘tildi. Ya’ni bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yuk avtomashinalari harakatlanganda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtotransport vositasini to‘xtatib, tushuntirish olishga haqli.

Olim Saidov, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i