USAID Oʻzbekistonda agrobiznes rivoji uchun qiymati 18,9 million dollarlik yangi loyihani boshladi

Bugun AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi va unga bogʻliq tarmoqlarda xususiy sektorning oʻsishiga yordam beruvchi, umumiy qiymati 18,9 million AQSH dollariga teng boʻlgan agrobiznesni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihasi oʻz faoliyatini boshlaganligini eʼlon qildi.

Foto: UzA

USAIDning agrobiznesni rivojlantirish boʻyicha loyihasi Oʻzbekistonda xususiy korxonalar ishlab chiqarayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va xizmatlarining miqdori, sifati va xilma-xilligini oshirish orqali USAIDning ushbu sohadagi avvalgi investitsiyalari va yutuqlariga tayanadi. Ushbu loyiha mamlakatning oʻsib borayotgan ishchi kuchi uchun rasmiy iqtisodiyotdagi muhim ish oʻrinlarini yaratishga imkon berib, Oʻzbekistonning xususiy sektorini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu saʼy-harakatlar Oʻzbekistonda qoʻshilgan qiymatga asoslangan ishlab chiqarishni koʻpaytirishga, aholining himoyaga muhtoj guruhlari, shu jumladan yoshlar va ayollarni jalb qilishga,taʼlim muassasalarining xususiy sektor talablari bilan bogʻlanishini taʼminlashga hamda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratilishiga koʻmaklashishga qaratilgan.

USAID mamlakatning qishloq xoʻjaligi sektorini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha boy tajribaga ega. Soʻnggi oʻn yil ichida USAID Oʻzbekistonda bogʻdorchilik sohasining rivojlanishida, sovuqxona saqlash sigʻimlarini, shuningdek, turli xil saqlash hajmlari va ehtiyojlari uchun butun mamlakat boʻylab keng koʻlamli takliflarni taqdim etadigan kichik, oʻrta va yirik omborxonalarni qoʻllab-quvvatlashda asosiy rol oʻynadi.

Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi sohasidagi rivojlanishiga asoslanib, USAID bardavom oʻsishni taʼminlash maqsadida mamlakatning xususiy sektori bilan hamkorlik qiladi. Investitsiyalarni koʻpaytirish va agrobiznes samaradorligini oshirishda ularga koʻmaklashish bilan bir qatorda, ularning sarxil mahsulot va qayta ishlanmagan mahsulotlardan tashqari qoʻshimcha qiymat qoʻshish imkoniyatlarini ham oshiradi.

Yangi loyihaning amal qilish muddati – besh yil. USAIDning agrobiznesni rivojlantirish boʻyicha loyihasi Oʻzbekistonning shahar va qishloq joylarida amalga oshirilib, asosiy eʼtibor mintaqaviy va xalqaro savdo hamkorlariga qaratilishi mumkin. Loyiha oʻz saʼy-harakatlarini boshqa donor loyihalari bilan yaqindan muvofiqlashtiradi va oʻzining taraqqiyotga qaratilgan taʼsirini oshirish uchun rivojlanish boʻyicha hamkorlarning manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini qidiradi.