O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo‘yicha ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Shveysariyaning Jeneva shahrida 7-iyul kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga kirishi bo‘yicha ishchi guruhining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati. Koronavirus tufayli yig‘ilish videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 1998-yilda tashkil etilgan edi. Keyingi yillarda ushbu ishchi guruh faqat uch marta uchrashdi va 2005-yillarning o‘rtalariga kelib bu borada xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar to‘xtab qolgandi.

Fevral oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi mart oyi oxirlari, aprel oyi boshlarida boshlanishini kutgandi. Biroq pandemiya tufayli bu uchrashuvni o‘tkazishning imkoni bo‘lmadi.

7-iyul kuni bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov boshchilik qilgan.

“Gibrid format”da, maxsus onlayn platformada tashkil etilgan tadbirda tashkilotning Jenevadagi shtab-kvartira binosida turib ishtirokchi davlatlarning delegatsiyalari bevosita, boshqa ishtirokchilar esa jumladan, turli davlatlarning poytaxtlaridan ekspertlar — videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.

“Yig‘ilish yakunida joriy yilning 20-iyulidan 31-iyuliga qadar tovar va xizmatlarning bozorga kirishini ta’minlash masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda. Shuningdek, JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarning keyingi bosqichiga o‘tish, xususan, O‘zbekiston tashkilotga kirishi bo‘yicha ishchi guruh ma’ruzasining asosi hisoblangan faktologik xulosani tayyorlash to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Qayd etilishicha, JST bosh direktori o‘rinbosari Alan Vulf tashkilot kotibiyati faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri mamlakatlarga JSTga kirishda ko‘maklashish ekanligini ta’kidladi va shu sababli O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini tiklash to‘g‘risidagi qarorini olqishladi va tashkilot rahbariyati nomidan ushbu tashabbusda barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, qo‘shimcha qilinishicha, bir qator boshqa davlatlar, mintaqaviy va tematik guruhlarning vakillari O‘zbekistonning JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan fikrlarini bayon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, respublikaning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2019-yil iyul oyida O‘zbekiston mazkur tashkilotga a’zo bo‘lish uchun tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi yangilangan memorandumni ko‘rib chiqishga taqdim etgan paytda boshlangan edi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonining davom ettirilishi Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017—2021-yillarda O‘zbekistonning Harakatlar strategiyasida davlatning savdo-iqtisodiy sohasida rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.