AQSh JSSTdan chiqishni boshladi

Qoʻshma Shtatlar seshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotini Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotidan chiqish toʻgʻrisida rasman ogohlantirdi, Vashington tashkilotni koronavirus pandemiyasidan oʻz vaqtida ogohlantirmaganlikda ayblamoqda, deya xabar qildi Euronews telekanali.

Foto: Euronews

Shunday qilib, JSSTning eng yirik donoridan biri boʻlmish AQShning tashkilotdan chiqishi bir yillik muddatda tugashi bilan, yaʼni kelgusi yilning 6-iyulida amalga oshiriladi.

May oyida Donald Tramp Vashington tashkilot bilan munosabatlarni butunlay toʻxtatmoqchi ekanligini eʼlon qildi, chunki tashkilot rahbariyati AQSh maʼmuriyati talab qilgan islohotlarni amalga oshirishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, Oq uy rahbari JSSTni goʻyo Xitoyning toʻliq nazorati ostida boʻlganlikda ham aybladi.

Trampning soʻzlariga koʻra, XXR rasmiylari va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbariyati yangi koronavirusning tarqalishi munosabati bilan tegishli choralarni koʻrmagan. Biroq, AQShda koʻpchilik Trampni inqirozga sabab boʻlgan kechikkan munosabati uchun tanqid qilmoqda.