O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tarbiya fani joriy qilinadi

“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tarbiya fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.

Qarorga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida odobnoma, vatan tuyg‘usi, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari hamda dunyo dinlari tarixi fanlarini birlashtirgan holda yagona tarbiya fani 1–9-sinflarda – 2020/2021-o‘quv yilidan, 10–11-sinflarda esa 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab fanlarga ajratilgan umumiy soatlar doirasida bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Tarbiya fanidan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar yangi o‘quv yili boshlangunga qadar chop etilib, joylarga yetkaziladi.

2020-yil iyul oyidan boshlab yangi o‘quv yili boshlangunga qadar umumta’lim maktablaridagi boshlang‘ich ta’lim, milliy g‘oya va huquq, tarix va dinshunoslik mutaxassisligiga ega fan o‘qituvchilari uchun xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida tarbiya fanidan onlayn shaklda maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Tarbiya fanidan darsliklar va o‘quv majmualarini xarid qilish va yetkazib berish xarajatlari respublika budjeti hamda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qaror bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun tarbiya fani konsepsiyasi tasdiqlangan.