Uzcard javobgarlikka tortilishi mumkin – Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Uzcardʻni “ogohlantirdi”

Koʻpchilikka “Uzcard” brendi orqali tanish boʻlgan “Yagona umum respublika protsessing markazi” MCHJ Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunining 27-moddasiga binoan javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Uz24

Gap shundaki, avvalroq Uzcard onlayn-omonatlar boʻyicha banklardan 0,25 foiz miqdorida toʻlov olishni boshlagandi. Bu tartib ilgari ham amal qilgan boʻlib, 2018-yilda mijozlarni jalb qilish maqsadida olib tashlangan edi. Biroq joriy yilning 1-may sanasidan eʼtiboran qayta tiklandi va bu koʻpchilik foydalanuvchilarning noroziligiga sabab boʻldi. Oʻshanda Uzcard bosh direktori Ahror Mahmudov buni ayrimlarning mazkur imtiyozdan soliqlarni chetlab oʻtish maqsadida foydalanayotgani bilan izohlagandi.

Salkam ikki oy (54 kun) avval Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi mazkur holatni oʻrganishni boshlagandi. Qoʻmitaning bugun (26 yyun)gi bayonotida aytilishicha, “Yagona umum respublika protsessing markazi” MCHJ Qoʻmitaga omonat xizmatlari uchun komissiya tuzishga oid hisob-kitob materiallari va asoslarni hanuzgacha toʻliq taqdim qilmagan va shu sababli oʻrganish muddati choʻzilib ketgan.

“Agar “Yagona umum respublika protsessing markazi” MCHJ tomonidan soʻralgan maʼlumotlar taqdim etilmasa, Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasiga binoan, mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektning maʼmuriyati maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin”, deyiladi qoʻmita bayonotida.