Toshkent va Namanganda koronavirusga chalingan bemorlarning 127 nafari sog‘aydi

Toshkent va Namanganda koronavirusga chalingan bemorlarning 127 nafari sog‘ayib, 3-iyun kuni o‘z uyiga kuzatildi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Poytaxtdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 17 nafar, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 4 nafar, shahar 1-son klinik shifoxonasida 101 nafar, Namanganda 5 nafar, jami 127 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘aygan.

Shunday qilib, ayni paytgacha Toshkent shahri va viloyatida koronavirus infeksiyasidan jami 3747 nafar bemor sog‘aydi.

Namangan viloyatida esa COVID-19’dan tuzalganlar soni 286 nafarga yetdi.

Ayni paytda O‘zbekistonda sog‘ayganlar soni 6161 nafarni tashkil etmoqda. Kasallanganlarning umumiy soni esa O‘zbekistonda 3-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra 9199 nafarga yetdi. Mamlakatda epidemiya boshlanganidan beri jami 27 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.