Moskvada Habib Nurmagomedovning otasi vafot etdi

Moskvada UFC jangchisi Habib Nurmagomedovning otasi – Abdumanap Nurmagomedov vafot etdi. Bu haqda Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov oʻzining Telegram-kanali orqali maʼlum qildi.

“Doʻstlar, menga Abdulmannop Nurmagomedov dunyoni tark etgani haqida qaygʻuli xabar yetib keldi. Chechen xalqi nomidan Abdulmannop Magomedovichning oilasiga hamdardlik bildiraman”, – deb yozgan Qodirov.

Soʻnggi haftalarda Nurmagomedovning otasi ogʻir ahvolda Moskva shifoxonalaridan birining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgandi.

May oyi boshida Abdulmanap Nurmagomedov Maxachkaladan Moskva kasalxonasiga yotqizish uchun maxsus bortda olib kelingani haqida xabarlar paydo boʻldi. Abdulmanap Nurmagomedov koronavirus testidan oʻtgan, ammo tahlil natijalari ommaga eʼlon qilinmagandi.

14 may kuni esa Abdulmanap Nurmagomedov insultni boshdan kechirgani va koma holatiga tushgani toʻgʻrisida xabar berilgandi.

Abdulmanap Nurmagomedov 57 yoshda edi. U Rossiyada xizmat koʻrsatgan murabbiy va nafaqat oʻgʻli, balki bir qator mashhur rossiyalik UFC jangchilari bilan ishlagan.