Kecha O‘zbekistonda 297 kishida koronavirus aniqlandi. 113 tasi aholi orasida qayd etildi

O‘zbekistonda 1-iyul soat 23:30 dan 2-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 297 ta holat qayd etildi. Bu kunlik yangi rekord hisoblanadi. Bungacha 30-iyun kuni 281 kishida kasallik aniqlanishi eng yuqori natija edi. O‘zbekistonda ketma-ket 10-kun kunlik kasallanganlar soni 200 nafardan ko‘p bo‘lmoqda. Koronavirusga chalinganlar soni 8000 nafardan 9000 nafarga yetishi uchun 4 kun kerak bo‘ldi. Yangi qayd etilgan holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 9078 nafarga yetdi.

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 183 nafari karantin muassasalarida;
  • 113 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 67 nafar, Jizzax viloyatida — 27 nafar, Toshkent viloyatida — 11 nafar, Namangan viloyatida — 6 nafar, Sirdaryo viloyatida — 2 nafar);
  • 1 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (Toshkent viloyatida) aniqlangan.

Kun davomida 7 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 5 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. Bir kun ichida aholi orasida aniqlangan holatlar soni 113 tani tashkil etdi. Bu 7-iyundan keyingi eng katta ko‘rsatkich. 7-iyunda aniqlangan yangi kasallanish holatlarining 237 tasidan 217 tasi aholi orasida qayd etilgandi. Undan so‘ng aholi orasidagi holatlar biron marta ham 100 taga yetmagandi. 7-iyundan keyingi eng yuqori natija 8-iyunda qayd etilgan va o‘sha kuni aholi orasida 66 kishida kasallik aniqlangandi.

Toshkent shahrida bir kun ichida 115 ta yangi holat qayd etildi. Ulardan 67 tasi aholi orasida, 48 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida aniqlandi. Poytaxtda 7-iyundan beri birinchi marta bir kunlik yangi kasallanganlar soni 100 nafardan oshdi. 7-iyun kuni poytaxtda 195 ta yangi holat qayd etilgandi. O‘shanda kasallanganlarning 183 nafari bitta kompaniya ishchilari edi. Toshkentda 4-iyundan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida kasallik aniqlanadi.

Jizzax viloyatida bir kun ichida 33 kishida kasallik aniqlandi. Viloyatda kasallanganlarning umumiy soni 4,3 baravarga ko‘paydi — 10 dan 43 nafarga. Yangi holatlarning 6 tasi karantindagilar orasida, 27 tasi aholi orasida aniqlandi. 25-iyun kuni Jizzaxga koronavirus qaytgan va shu kuni er-xotinda kasallik aniqlangandi. Ularning ikkisi ham kasallik aniqlanishidan bir necha kun o‘tib vafot etdi. 29-iyun kuni yana 5 kishida kasallik aniqlangandi. 2-iyuldan boshlab Jizzax shahriga kirish va chiqish qattiq nazoratga olindi. Koronavirus aniqlangan “Qaliya”, “Bunyodkor”, “Zilol” va “Madaniyat” mahallalari hududlariga kirib-chiqish to‘xtatildi.

Toshkent viloyatida aniqlangan 24 ta holatdan 12 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 11 tasi aholi orasida va 1 tasi xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida qayd etildi. Viloyat aholi orasida eng ko‘p kasallik aniqlanadigan hududlardan biri hisoblanadi. Toshkent viloyatida 17-iyundan 2-iyulgacha faqat 29-iyun va 1-iyul kuni aholi orasida kasallik qayd etilmagan.

Sirdaryo viloyatida qayd etilgan 8 ta holatning 6 tasi karantindagilar orasida, 2 tasi aholi orasida aniqlandi. Viloyatda 1-iyul kuni ham 18 ta kasallanish holati (5 tasi aholi orasida) qayd etilgandi. Sirdaryoda iyun oyida  1, 10, 14, 21, 23, 26, 27 va 28-iyun kunlari ham aholi orasida kasallik aniqlangandi.

Namangan viloyatida 7 ta yangi holat aniqlandi. Ulardan 6 tasi aholi orasida, 1 tasi karantindagilar orasida qayd etildi. Viloyatda 25-iyundan buyon yangi holat aniqlanmayotgandi. Namanganda oxirgi marta 23-iyun kuni aholi orasida kasallanish holati (3 ta) qayd etilgandi. Namanganda kasallik aniqlangan bemorlar soni 300 nafardan oshdi.

Navoiy viloyatida aniqlangan 6 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etilgan. Navoiyda 11-iyun kuni aholi orasida 18 ta kasallanish holati qayd etilganidan so‘ng viloyatda aniqlanayotgan yangi holatlar koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etilmoqda. 15-iyunda 5, 18-iyunda 6, 19-iyunda 4, 24-iyunda 5 va 27-iyunda 3 kishida kasallik aniqlangandi.

Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan 3 ta holatning barchasi karantinga olinganlar orasida aniqlandi. 5-iyunda viloyatga koronavirus qaytganidan so‘ng, asosan karantindagilar orasida kasallik qayd etilmoqda. 5-iyundan 2-iyulgacha Qashqadaryoda qayd etilgan 195 ta holatdan 185 tasi karantindagilar orasida, 10 tasi aholi orasida aniqlangan. Hozirda viloyatda kasallanganlarning umumiy soni 200 nafardan oshdi. G‘uzorlik hamshira “Daryo” muxbiri bilan suhbatda koronavirusdan vafot etgan qashqadaryolik erkakni davolagan bo‘lim xodimlari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotganidan va bu kasallar soni oshishiga olib kelishi mumkinligidan tashvish bildirdi.