Shavkat Muzaffar: Karikatura chizishdan uni chop etish qiyinroq (Intervyu)

Foto: Hill Magazine

Tabassum va ogʻriq — bu taniqli rassom, meʼmor, Oʻzbekiston Rassomlar uyushmasi aʼzosi, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori, koʻplab xalqaro tanlovlar gʻolibi Shavkat Muzaffar ijodiga singib ketgan haqiqat. Aslida, rassom bu haqiqatni oʻz karikaturalari orqali ayta boshlaganiga oʻttiz yildan oshdi. Kamtarin ijodkor asarlarida faqat karikaturalarda kuzatish mumkin boʻlgan keskinlik bor. Ayniqsa, bugungi shiddat bilan oʻzgarib borayotgan zamonamizdagi voqea-hodisalarni ilgʻay olish, unga teran nazar solish va oʻz munosabatini (achchiq boʻlsa-da!) bildira olish uchun faqat isteʼdodning oʻzi kamlik qiladi, buning uchun jasorat ham soʻraladi.

Shavkat Muzaffar asarlari yana bir nufuzli tanlovda oʻz eʼtirofini topdi. 27-marta oʻtkazilgan “CALICOMIX” xalqaro tanlovi bu yil butun dunyoni larzaga solgan COVID-19 pandemiyasiga bagʻishlandi. Kolumbiyada oʻtkazilgan ushbu tanlovda hamyurtimiz asarlari munosib baholandi. Shu munosabat bilan Shavkat Muzaffarni qizgʻin tabriklab, suhbatga tortdik.

Nega aynan karikatura? Uning ijodingizdagi oʻrni qanday?

Karikaturada kulib turib yigʻlash bor, yigʻlab turib kulish bor. Jamiyatga koʻzga tutish bor. Shuning uchun ham bu yoʻnalishda oʻzimni koʻproq jamiyatga daxldor sezaman. Biroq karikatura ijod faoliyatimning bir yoʻnalishi, xolos. Rang-tasvirda milliy qadriyatlarimiz va tasavvuf mavzusi menga yaqin.

Karikaturalarimga kelsak, 1986 yildan beri matbuot yuzini koʻra boshlagan. Oʻsha damlar harbiyda xizmat qilgan vaqtlarimda ham armiya gazetalarida nashrdan chiqqan paytlari boʻldi. Bir gal Boltiqboʻyi harbiy okrugi qoʻmondonidan minnatdorlik xati kelgan. Mustaqillik arafasida ham yurtimizning koʻplab nashrlarida asarlarim chop etilgan. Keyin uch-toʻrt yil “Mushtum”da bosh rassom sifatida faoliyat yuritish nasib etgan…

Bugun karikatura janridagi asarlarga kam duch kelamiz. Buning sababini qanday izohlaysiz?

Hozirgi kunda deyarli “Mushtum” jurnalidan boshqa nashrlar oʻquvchisiga karikatura bermay qoʻygan. Sababini esa bilmayman. Balki tanqid, sanʼat va estetikani qadrlash mezonlarimiz oʻzgarib ketgandir, balki matbuot inqirozi sababli ijodkorlarga qalam haqi berish imkoni yoʻqdir. Shunga qaramay, asarlarini matbuotga taqdim etayotgan ijodkorlar yetarli. Hamma gap uni chop etishga jurʼat qila olishda.

Karikatura chizayotganda asosan qanday mezonlarga amal qilasiz?

Asli, karikatura men uchun – oʻz yurtining farzandi uchun bir dard, ogʻriq. Jamiyatdagi, dunyodagi ayrim salbiy holatlar – terrorizm, urush, ekologik fojialar, epidemiyalar, korrupsiya, byurokratiya, maʼnaviy qashshoqlik va boshqalarga fuqarolik, insoniylik pozitsiyasidan munosabatdir. Agar biz biror obyektni karikatura qilar ekanmiz, ushbu mavzuni koʻtarish ham shu muammoni tan olish va uni bartaraf etishga qoʻyilgan birinchi qadamdir. Albatta, agar ushbu tanqid obyektiv va asosli boʻlsa. Karikatura – jiddiy sanʼat. U rassomdan keng tafakkur, zehniyat va bilimlarni talab qiladi. Siz ilm-fan, sanʼat, adabiyot geografiya, harbiy soha, meditsina, tarix, taʼlim sohasi va boshqa bilimlardan bir oz boʻlsa-da xabardor boʻlishingiz lozim. Chunki zamonaviy tomoshabinni siz ishontira olishingiz va yuzida tabassum, tafakkur hosil qilish uchun koʻp mehnat qilish talab etiladi. Buyuk rassom Kamoliddin Behzod ham karikaturalar chizgani va ular oʻsha davrda muxtalifa deb atalgani tarixiy manbalardan maʼlum.

Xalqaro tanlovlardagi ishtirokingiz haqida…

Xalqaro tanlovlarga kelsak, 2005 yildan beri qatnashaman. Bunga ustoz rassomlar Mahmud Eshonqulov va Husan Sodiqovlar sabab boʻlishgan. Shu karikatura tufayli uchalamiz “Oltin qalam” milliy mukofotiga sazovor boʻlganmiz. Gʻoliblariga astronomik sovrinlar taqdim eta oladigan dunyodagi eng nufuzli “World Press Cartoon” (Portugaliya) singari tanlovda ketma-ket yetti marta diplom va katalog olishga muyassar boʻlganman. Ichimizda dunyo miqyosida eng koʻp sovrin va oltin medallar olgan Mahmud Eshonqulovdir. Safimizga yosh isteʼdodlardan Muzaffar Yoʻlchiboyev qoʻshilgani quvonchli.

27 marta oʻtkazilgan komikslar xalqaro tanlovining bu yilgisi haqida ham gapirib bering? Uning oʻziga xosligi nimada boʻldi?

Bu yilgi jahon miqyosidagi ogʻir sinovlar – pandemiya ham ijodkorlarni bu holatga oʻz qalamlari bilan kurashishga chorladi. Dunyoning turli mamlakatlarida bu mavzuda onlayn tanlovlar eʼlon qilindi. Yaqinda Xitoy, Misr va Filippinda ham shu mavzuda asarlarim bilan qatnashib, diplom va sertifikatlar olishga muvaffaq boʻldim. Bir soʻz bilan aytganda, xalqaro karikatura tanlovlari xuddi sportga oʻxshab oʻziga xos olimpiada – bu tafakkur, zehniyat va isteʼdod olimpiadasidir. Afsuski, rassomlarimizning sportchilarimizdan farqi bizda tasviriy sanʼatning ommaviy emasligi va uni qadrlaydiganlarning nisbatan kamligida boʻlsa kerak. Nima boʻlganda ham, shu yutuq va medallar oʻzbek xalqiniki, Oʻzbekistonnikidir. Baholi-qudrat oʻzbek karikaturasiga, uning yutuqlariga oʻzimizning kamtarona hissamizni qoʻshayotganimizdan baxtiyormiz.

UzA, Farhod Umarov, jurnalist