Prezident qarori bilan “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tugatiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Foto: “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ

Hujjat qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalarini boshqarish tizimini yanada maqbullashtirish va takomillashtirish maqsadida qabul qilindi. Qaror bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatini tugatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilgan.

Shu sababli “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatini tugatish komissiyasi tuzilgan.

Ta’kidlanishichca, Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJni tugatish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlaydi va uning bajarilishini ta’minlaydi.

Belgilanishicha, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ korxonalari uchun imtiyozlar va preferensiyalar (qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bundan mustasno) berish bo‘yicha ilgari qabul qilingan qonun hujjatlari o‘z kuchini Prezident va hukumatining tegishli hujjatlari bilan belgilangan muddat tugagunga qadar saqlab qoladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Ma’lumot uchun, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ O‘zbekiston Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi PF-4857-sonli “‘O‘zagrotexsanoatxolding’ aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan.