O‘zbekistonda 2020-yilning iyun oyida narx-navo 0,2 foizga pasaygani ma’lum qilindi

2020-yilning iyun oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari va tariflari darajasi oy davomida o‘rtacha 0,2 foizga pasaydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda keltirilgan.

Foto: UzReport.news

Ma’lumotlarga ko‘ra, meva va sabzavot narxlarining o‘zgarishini hisobga olmaganda ushbu ko‘rsatkich darajasi 0,5 foizni tashkil etgan.

2020-yilning yanvar—iyun oylari davomida iste’mol bozoridagi narxlar va tariflar o‘rtacha 4,6 foizga ko‘tarilgan. Yillik davrda esa (2019-yilning iyuniga nisbatan) tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘rtacha o‘sish sur’ati 14,2 foizni tashkil etgan.

“2020-yilning iyun oyida yillik umumiy iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan oyning shu ko‘rsatkichiga nisbatan 0,2 punktga oshdi (14,0 foizdan 14,2 foizgacha). Shu bilan birga, o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 2020-yilning iyun oyidagi natija 2019-yilning iyun oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,6 punktga baland bo‘ldi (14,2 foizga qarshi 13,6 foiz)”, — deyiladi xabarda.

Bozorlarning yangi meva-sabzavot mahsulotlari hosili bilan to‘yinganligi sababli ushbu tovarlar guruhi umumiy narxlarining pasayishiga olib kelib, natijada shu yilning iyun oyida oziq-ovqat mahsulotlarining INI 98,8 foizni tashkil etgan.

Ta’kidlanishicha, oy davomida nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar narxlari 0,6 foizga qimmatlashgan.