Hindistonda TikTok va boshqa Xitoyda ishlab chiqilgan dasturlar taqiqlab qo‘yildi

Hindistonning elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan 59 ta mobil ilovalarini, shu jumladan, TikTok, WeChat messenjerini va Twitter ning xitoycha analogi, Weibo mikrobloglar xizmatini taqiqlab qoʻydi, deya xabar beradi The Economic Times.

Foto: Телеспутник

Hindiston hukumati ushbu ilovalar “mamlakat suvereniteti va yaxlitligiga, mudofaa, davlat xavfsizligi va jamoat tartibiga zarar yetkazadigan faoliyat bilan shugʻullanishini” bildirdi.

Shuningdek, taʼqiqlangan mobil ilovalar qatorida ShareIT, UC Browser, Likee, Clash of Kings, Helo kabi ilovalar ham bor. Taʼkidlanishicha, ushbu ilovalar foydalanuvchilarning juda katta qismini aynan hindistonliklar tashkil qiladi (taxminan 30%). Ushbu taqiq oqibatida Xitoy mobil ilovalari hindistonlik 300 million foydalanuvchisini yoʻqotadi.

Hindiston hukumatining taʼkidlashicha, baʼzi ilovalar “foydalanuvchi maʼlumotlarini oʻgʻirlash va yashirin ravishda Hindistondan tashqaridagi serverlarga uzatish uchun” ishlatilayotganligi toʻgʻrisida koʻplab xabarlar olingan.

Taqiq qoʻyilganiga qaramasdan, roʻyxatdagi barcha ilovalar Hindistondagi Google Play va App Store marketlarida yuklab olish uchun ochiq turgani maʼlum qilinadi.

Hindiston TikTok ning eng yirik bozorlaridan hisoblanadi: 2020 yil aprel oyida dasturning 2 milliard marta yuklab olinishining 30 foizini hindistonlik foydalanuvchilar amalga oshirgan. Ushbu taqiq Hindistonda smartfonlarning har uchinchi foydalanuvchisiga taʼsirini oʻtkazadi.