Bosh prokuratura: Andijonda IIB xodimlari qiynoqlardan vafot etgan fuqaroga u qimmatbaho toshni olganiga iqror bo‘lishi uchun zo‘rlik ishlatgan

Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB xodimlari fuqaro A.Abdukarimovni yarim tunda uyidan mashinaga majburlab o‘tkazib olib kelib, u qimmatbaho “Rubin” toshini olganligini bo‘yniga olishi uchun unga zo‘rlik ishlatgan; fuqaro ushbu jarayon davomida olgan tan jarohatlari oqibatida 11-iyun kuni vafot etgan. Bu haqda Xalqaro press-klubning 1-iyul kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ta’kidlab o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo”.

Foto: Daryo.uz

30-may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga Andijon shahar “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.Abdukarimov tan jarohatlari bilan kelib tushgan. Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kunning o‘zida Andijon shahar Ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) 4-son ichki ishlar bo‘limi (IIB) xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Aniqlanishicha, fuqaro A.Sotvoldiyev ‘Rubin’ qimmatbaho toshini olib qaytarib bermayotgan A.Abdukarimovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, IIBga yozma ravishda murojaat qilgan. Mazkur murojaat yuzasidan tekshirish o‘tkazayotgan Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB jinoyat-qidiruv guruhi uch nafar tezkor vakili 29-may kuni soat taxminan 22:00 larda fuqaro A.Abdukarimovning yashash xonadoniga borib, o‘zlariga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etgan. Jumladan, ular A.Abdukarimovni avtomashinaga majburlab o‘tkazib, 4-son IIBning ma’muriy binosiga olib kelgan va yuqorida ko‘rsatilgan qimmatbaho toshni olganligi haqida iqrorlik ko‘rsatuvi berishga majburlash maqsadida zo‘rlik ishlatib bosim o‘tkazgan”, — dedi Hayot Shamsutdinov.

Bosh prokuratura matbuot kotibining ta’kidlashicha, IIB xodimlari fuqaro A.Abdukarimovni 30-may kuni tong soat 06:00 ga qadar bo‘limda noqonuniy ushlab turib, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan. Abdukarimovning sog‘lig‘i yomonlashib, hushini yo‘qotganligi sababli, u IIBdan Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga olib kelingan.

Ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasida A.Abdukarimov og‘ir tan jarohati olganligi ko‘rsatilgan. Jabrlanuvchiga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, u olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida 11-iyun kuni vafot etgan. Mazkur jinoyat ishi 16-iyun kuni Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi ish yurituviga olingan.

“Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha ravishda axborot beriladi”, — deya qo‘shimcha qildi Hayot Shamsuddinov.