Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilindi

Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligining matbuot xizmati.

Foto: Uzbekisan Today

Ta’kidlanishicha, bu «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi prezident tomonidan imzolangan qonunda belgilangan.

Xabarga ko‘ra, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilinishi bilan birga mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilandi.

«Mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida 4 marta muddati 5 sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzil- koloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, mahkumlarni jazo o‘tashi davrida adolatli mezonlar asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi hamda rag‘batlantirish choralarini qo‘llash komissiyasining ish faoliyati va ularning aniq vazifalari belgilangani ma’lum qilindi.