YuNISEF va Osiyo taraqqiyot banki koronavirusga qarshi kurashda O‘zbekistonga yordam ko‘rsatmoqda

YuNISEF (BMTning bolalar fondi) va Osiyo taraqqiyot banki 29-iyun, dushanba kuni O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga mamlakatda koronavirusga qarshi kurashda yordam ko‘rsatish uchun tibbiy buyumlarni topshirdi. Bu haqda mazkur xalqaro tashkilotlar vakolatxonalariga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: Unicef

Qayd etilishicha, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga tibbiy asbob-uskunlar, shaxsiy himoya vositalari va laboratoriya jihozlari sotib olish uchun 1,36 million dollar miqdorida grant ajratgan. Grantning birinchi transhi sifatida YuNISEF koronavirus testlarini o‘tkazish uchun ishlatiladigan laboratoriya asboblarini xarid qildi va O‘zbekistonga yetkazib berdi.

Bank grantining keyingi transhlari COVID-19 bilan og‘rigan bemorlar uchun olib yuriladigan pulsoksimetr va kislorod konsentratorlari, tibbiy xodimlar uchun himoya kiyimlari va niqoblar xarid qilish maqsadida ishlatiladi.

Xarid qilingan tibbiy va laboratoriya jihozlari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari O‘zbekistonning barcha hududlariga, jumladan, mamlakatning uzoq tumanlariga tarqatiladi.

Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki koronavirusning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini kamaytirish uchun 500 million dollar kredit ajratgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurash uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 1 milliard dollar so‘ragandi.