O‘zbekistonda 30-iyun kuni 281 kishida koronavirus aniqlanib, yangi rekord o‘rnatildi

O‘zbekistonda 29-iyun soat 23:30 dan 30-iyun soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 281 ta yangi holat aniqlandi. Bu yangi rekord hisoblanadi. Bungacha 25-iyun kuni 276 kishida kasallik aniqlanishi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turgandi. Koronavirusga chalinish holatlari 8 kundan buyon 200 tadan ko‘p bo‘lmoqda. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 8503 nafarga yetdi.

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 255 nafari karantin muassasalarida;
  • 25 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 13 nafar, Toshkent viloyatida — 9 nafar, Samarqand viloyatida — 3 nafar);
  • 1 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (Toshkent viloyatida) aniqlangan.

Kun davomida 3 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning barida aholi orasida ham koronavirus aniqlandi.

Toshkent viloyatida kasallikka chalinish bilan bog‘liq 45 ta holat aniqlandi. Ulardan 35 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 9 nafari aholi orasida va 1 nafari xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida qayd etildi. Viloyatda bir kun avval karantin markazidagi fuqarolarda aniqlangan holatlarni hisobga olmasa, yangi kasallanish holatlari qayd etilmagandi. Xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida esa butun O‘zbekiston bo‘yicha yangi kasallanish holati aniqlanmagan edi.

Toshkent shahrida aniqlangan 29 ta holatdan 16 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 13 tasi aholi orasida qayd etildi. Poytaxt iyun oyida aholi orasida kasallik aniqlanishi bo‘yicha 21 marta yetakchilik qildi. Toshkent shahrida iyun oyida faqatgina 3-iyun kuni aholi orasida yangi holatlar aniqlanmagan.

Samarqand viloyatida aniqlangan 17 ta holatdan 14 tasi karantindagilar orasida, 3 tasi aholi orasida aniqlandi. Bu viloyatda iyun oyida eng ko‘p kasallik aniqlangan kun bo‘ldi. Samarqandda bungacha oy davomidagi eng ko‘p kasallik aniqlangan kun 24-iyun edi, o‘shanda 14 kishi kasallikni yuqtirib olgani ma’lum bo‘lgan.

Kasallikdan davolanish

30-iyun davomida O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarida 186 nafar fuqaro sog‘aydi. Ularning 135 nafari Toshkent shahrida, 44 nafari Xorazm viloyatida, 3 nafari Navoiy viloyatida, 2 nafardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida shifo topib chiqdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 8503 nafar bemordan 5682 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etmoqda. Bir kun ichida bu boradagi ko‘rsatkich o‘zgarmadi. Bu iyun oyidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 5-iyun kuni bu boradagi ko‘rsatkich 81 foizga ham chiqqandi.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi, 23-iyunda ularning soni 2000 nafardan oshdi, 28-iyunga kelib esa shifoxonadagi bemorlar soni 2500 nafardan ham oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 2795 nafar bemordan 2423 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 372 nafar bemor mamlakatning 10 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Jizzaxda 5, Qoraqalpog‘istonda 8, Namanganda 13, Xorazmda 16, Andijonda 28, Buxoroda 30, Surxondaryoda 32, Navoiyda 43, Samarqandda 56 va Qashqadaryoda 141 nafar bemor qoldi. Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud bo‘lib turibdi. Davolanish bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichlar Qashqadaryo (28 foiz) va Jizzax (30 foiz) viloyatlariga tegishli. Jizzaxda o‘lim ko‘rsatkichi ham yuqori — 10 nafar bemordan 2 nafari (20 foiz) kasallik asoratlaridan vafot etgan. Xorazm viloyati koronavirusdan davolanganlar soni 300 nafardan oshgan Toshkent, Buxoro va Samarqanddan keyingi to‘rtinchi hudud bo‘ldi.