O‘zbekiston insonparvarlik yordami sifatida Tojikistonga 1000 tonnadan ortiq un yubordi

O‘zbekiston Tojikistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini yubordi, deb xabar bermoqda Asia-Plus.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan koronavirusga qarshi kurash doirasida umumiy miqdori 19 vagon bo‘lgan gumanitar yordam yuklari Dushanbega yuborildi. Ushbu insonparvarlik yordami tibbiyot vositalari va oziq-ovqatlar, jumladan, 1 000 tonnadan ortiq undan iborat.

O‘zbekiston pandemiya vaqtida Tojikistonga eng ko‘p gumanitar yordam yuborgan davlat hisoblanadi. Hafta boshida qo‘shni respublikaga koronavirusga qarshi kurashda yordam uchun 24 tonna tibbiyot vositalari yuborilgandi. Bundan avval 9-aprel kuni ham O‘zbekistondan Tojikistonga 18 vagon un va tibbiyot vositalari jo‘natilgan.

Shuningdek, 8-may kuni o‘zbekistonlik 8 nafar oliy toifali shifokorlar guruhi koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun Tojikistonga borgan, 22-may kuni qaytib kelishgandi. Ular bilan birga qo‘shni respublikaga 10 tonna tibbiyot vositalari, jumladan, 10 ta sun’iy nafas olish uskunasi yuborilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 144 ta tibbiy konteynerlarni qo‘shni mamlakatga yordam sifatida taqdim etgan.

Tojikistonda 29-may holatiga ko‘ra, kasallanganlar soni 123 kishiga ko‘payib, 3686 kishiga, infeksiyasidan tuzalganlarning umumiy soni esa 1769 nafarga yetgan. Kasallik oqibatida 47 nafar bemor vafot etgan.