“Bizni jazolashga majbur qilmang”. IIV karantin qoidalariga rioya qilinmayotgani yuzasidan o‘zbekistonliklarga videomurojaat bilan chiqdi

O‘zbekistonda karantin cheklovlari yumshatilib, ko‘pgina tashkilot va korxonalarga, tadbirkorlarga ish yuritishga sharoit yaratib berildi, aholiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘chaga chiqishga imkon berildi. Biroq IIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, fuqarolar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, koronavirusdan butunlay xalos bo‘ldik, degan tushuncha bilan karantin qoidalariga bepisand munosabatda bo‘la boshladi.

Bozorlarda, savdo nuqtalarida ijtimoiy masofa saqlanmayapti, fuqarolar tibbiy niqobni ko‘p kunlar, hattoki haftalar davomida almashtirmasdan taqmoqda, ko‘chaga niqobsiz chiqish holatlari kuzatilmoqda. Transportda yurish cheklovlariga rioya etilmayapti.

Vazirlik odamlar karantin cheklovlaridan charchashganini tushunishini, biroq O‘zbekistonda kasallanish bilan bog‘liq ayrim raqamlarga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab, aholiga videomurojaat yo‘lladi.

“Bugungi kunga kelib kasallik aniqlangan fuqarolarimiz soni 3 440 tadan oshdi, ulardan deyarli 20 foizi hali tuzalmaganlar, 14 kishi vafot etdi, 4 kishi esa og‘ir ahvolda. 46 ming 600 dan ziyod fuqaro karantinda qolmoqda. Eng achinarlisi, biz bilgan 127 nafar fuqaroning kasallik yuqtirgan manbasi hanuzgacha aniqlanmagan. Shu bilan birga, kasal bo‘lganini hech kimga bildirmasdan yoki koronavirus infeksiyasini yuqtirganini bilmagan holda uy sharoitida davolangan bemorlar haqida ham ma’lumotlar mavjud”, — deyiladi videomurojaatda.

Shuningdek, oxirgi vaqtlarda Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida koronavirus kasalligi aholi orasida aniqlanayotgani, bu raqamlar har kuni ko‘payib borayotgani, oxirgi ikki kunda Toshkent shahrining o‘zida ularning soni 30 ga yaqinlashgani, bularning barchasi fuqarolarning gigiyena qoidalari va belgilangan cheklovlarga bepisand bo‘lishlari natijasi ekanligi ta’kidlandi.

“Unutmang, kasallik tashuvchi shaxslar o‘zlari bilmagan holda oramizda yurishi mumkin. Shuning uchun, avvalo, o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligi uchun niqobsiz yurmang, maqsadsiz ko‘chaga chiqmang, zarurat tug‘ilganda bozor yoki do‘konga tushsangiz, ijtimoiy masofani qat’iy saqlang.

Tartibni saqlab qolish bizning burchimiz, ogohlantirish esa vazifamizdir. Iltimos, sizni jazolashga bizni majbur qilmang. Hech kim yana bir necha oy uyda o‘tirgisi kelmayapti. Vaziyat bungacha borishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘z qo‘limizda”, — deb yakunlangan vazirlik videomurojaati.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020-yil 15-iyunga qadar uzaytirildi. O‘zbekistonda toifasidan qat’i nazar barcha hududlarda qaysi karantin talablari saqlanib qolishi ma’lum qilindi. Shuningdek, respublikada 1-sentabrga qadar saqlanib qoladigan karantin talablari ro‘yxati e’lon qilindi.