Prezident Sergeli yer usti metrosi qachon ishga tushishini ma’lum qildi

Transport va kommunal xoʻjalik infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan qiymati 83 million dollar boʻlgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosi qurilmoqda. Uni joriy yil sentyabr oyida foydalanishga topshirish vazifasi qoʻyildi. Bu haqda prezident yangi ekoparkda Sergeli tumani mutasaddilari, aholi vakillari bilan uchrashuvda taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, Toshkent quvur zavodida joriy yilda xitoylik hamkorlar bilan birga 85 million dollar investitsiya evaziga yiliga 500 ming tonna metall list ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.

Chirchiq daryosining Bektemir va Sergeli tumanlaridan oqib oʻtuvchi 16 kilometrlik qismidagi oʻzanlarni 65-80 metrgacha qisqartirish orqali qoʻshimcha 565 gektar boʻsh yer zaxirasi paydo boʻladi. Bu yerda yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish orqali qoʻshimcha 160 ming yangi ish oʻrni yaratish mumkin. Mutasaddilarga bu masalani atroflicha hisob-kitob qilib, ularni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.