Amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning  kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan  chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha  Respublika maxsus komissiyasining axboroti e’lon qilindi.

Joriy yilning 26 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan keyingi kunlarda aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolarimiz karantin choralarining yumshatilganini “kasallik tugadi” deb, noto‘g‘ri qabul qilayotganliklari, ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, ko‘cha-ko‘yda tibbiy niqob taqmaslik holatlari ko‘payayotganligi hamda bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun qilayotgan barcha harakatlarimizni yo‘qqa chiqarishi mumkinligi qayd etildi.

Yuqoridagilar asosida Respublika maxsus komissiyasiga viloyat hokimlari bilan birga epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlar toifasini qayta ko‘rib chiqish hamda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi yuklatildi.

Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi.