Taniqli aktyor va dublyaj ustasi Hoshim Arslonov 64 yoshida olamdan o‘tdi

29-may kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dublyaj ustasi, taniqli aktyor Hoshim Arslonov 64 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasining Telegram kanalida xabar berildi.

“O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi”, — deyiladi xabarda.

Hoshim Arslonov “Marg‘iyona”, “Alpomish”, “Chavandoz”, “Advokatlar”, “Qasos”, “So‘nggi nafasimgacha” kabi o‘nlab filmlarda suratga tushgan. Aktyor dublyaj sohasida ham samarali faoliyat yuritgan. U bir filmda bir necha obrazlarga ovoz bera olishi bilan nom qozongan edi.