AQSHda qo‘lga olinayotgan shaxs vafot etganidan so‘ng namoyishlar boshlanib ketdi

Amerikaning Minneapolis shahrida yashovchi afroamerikalik Jorj Floyd qo‘lga olish vaqtida vafot etdi. Politsiyachilardan biri qo‘lga olingan shaxsga kishan taqilgani va nafas olishga qiynalayotganini takrorlaganiga qaramasdan, bir necha daqiqa davomida uni tomog‘idan bosib turgan, deya xabar qildi RIA Novosti.

Qo‘lga olingan shaxs tasvirganlar video keng tarqalganidan so‘ng shaharda norozilik namoyishlari boshlandi. Aholi avtomobil ehtiyot qismlarini sotuvchi AutoZone kompaniyasi binosiga o‘t qo‘ydi, shaharda talonchilik boshlangan.

Namoyishchilar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga tosh va shisha idishlarini uloqtirib, politsiya mashinalari oynalarini sindirgan, do‘konlarga o‘g‘rilikka tushgan. Politsiya namoyish ishtirokchilariga qarshi rezina o‘qlar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llamoqda. Tartibsizliklar jarayonida otishma sodir bo‘lib, eng kamida bir kishi vafot etdi.

Politsiya Jorj Floydni 25 may kuni do‘konda 20 dollarlik soxta chekdan foydalanishga gumon qilib qo‘lga olgan. Erkak hushsiz holatda shifoxonaga yetkazilgan va o‘sha yerda hayotdan ko‘z yumgan.

Shahar politsiyasi rahbariyati qo‘lga olishda qatnashgan to‘rt xodimning ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. FQB Floyd o‘limi yuzasidan tergov boshlagan. Minneapolis shahri meri Jeykob Frey qo‘lga olingan shaxsni tomog‘idan bosib turgan politsiyachini qo‘lga olishga chaqirdi. Tartibsizliklarga barham berish uchun shahar ma’muriyati AQSH Milliy gvardiyasiga murojaat qilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp hodisani tergov qilishni tezlashtirishga topshiriq berdi.

Ta’kidlash joizki, AQSHda xuddi shunday holat 2014 yil 17 iyulda boshqa bir qora tanli fuqaro bilan sodir bo‘lgan edi. O‘shanda 43 yoshli Erik Garner ko‘chada noqonuniy sigaret savdosi shug‘ullanganlikda gumon qilinib qo‘lga olingan, o‘rtada chiqqan mojaroda politsiyachi bo‘g‘ib, o‘ldirib qo‘ygan edi. Uning jon holati «Nafas ololmayapman» degan so‘zlari mobil telefoni kamerasida tasvirga olingan va tarqalib ketgan edi. Hodisa mamlakatda «Nafas ololmayapman» shiori ostidagi keng ko‘lamli norozilik namoyishlarini keltirib chiqargan.