O‘zbekistonda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi shtati va vazifalariga oid ma’lumotlar berildi

O‘zbekistonda Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura akademiyasida tashkil etilgan brifingda bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’lum qildi.

Foto: Xalqaro press-klub

Yangi tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida nazarda tutilgan. Loyiha 3 oy davomida Svetlana Ortiqova boshchiligidagi idoralararo ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan.

Yangi qo‘mita shtatiga qabul qilinadigan xodimlarga BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi”dan kelib chiqib quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • yuqori ahloqiy sifatlarga ega bo‘lish;
  • odil sudlov, jazoni ijro etish tizimi, advokatura, sud, prokuratura tizimi, ya’ni qiynoq, mahkumlar bilan ishlash amaliy tajribasiga ega bo‘lish.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tavsiyasi asosida yangi tuzilma tarkibiga tibbiyot mutaxassislarni jalb qilish ham ko‘zda tutilmoqda.

Qo‘mita huquqni muhofaza qiluvchi alohida organ, ya’ni insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash bo‘yicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi, o‘z faoliyatida Respublika Prezidenti va Oliy Majlisi palatalariga hisobdor bo‘lishi belgilangan.

Loyihada qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida:

–  jismoniy va yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlarini ko‘rib chiqish;

– qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish;

– jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish;

– qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning o‘rni qoplanishini ta’minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;

– qiynoq holatlari sodir etilishiga sharoit yaratgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasi hal etilishini ta’minlash belgilangan.

Shuningdek, hujjatda ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar sutkaning istalgan vaqtida telefon orqali, shu jumladan videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasining “call-markazi”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning fevral oyida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev huquq-tartibot organlari tomonidan tergovda qo‘llanishi iddao qilinayotgan qiynoqlarga barham berish uchun yagona tergov qo‘mitasini tuzish taklifini bildirgan edi.