Aydarko‘l va To‘dako‘l bo‘yida kazinolar tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonda ichki turizmni tiklash va rivojlantirish maqsadida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida va To‘dako‘l tizimida dam olish hududlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalar 27-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan, bu haqda “O‘zbekiston 24”ning reportajidan ma’lum bo‘ldi.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida Orom qirg‘og‘i (Leisure Coast) suv sohilbo‘yi dam olish maskani tashkil etish, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘ylab yo‘lovchi tashuvchi muntazam avtobusi qatnovini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. To‘dako‘lda ham sohilbo‘yi dam olish maskani tashkil etiladi, tadbirkorlar jalb etilib, infratuzilma yaxshilanadi.

Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida tashkil etiladigan dam olish zonasida, To‘dako‘l bo‘yida ish boshlashi kutilayotgan orom hududida ham xorijiy sayyohlar uchun o‘yin zonalarini yaratish ko‘zda tutilgan. “O‘zbekiston 24” lavhasida ko‘ringan taqdimotlarda ushbu rejalarning amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilmagan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda azart o‘yinlarga ruxsat berilishi mumkinligi haqida 2018-yildan beri muhokama qilinadi. Xususan, o‘sha yili Oliy Majlisga Murojaatnomasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda azart o‘yinlar zonasi tashkil etilishi mumkinligiga ishora qilgandi. Keyinroq, 2019-yil fevralida Bosh prokuratura Mo‘ynoqda kazino (o‘yin biznesi)ni tashkil qilish bo‘yicha investorlardan taklif tushganini tasdiqlagan edi.