500 dan ziyod bozorlarni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq berildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Taqdimotda davlat aktivlarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan ob’ektlar va yer maydonlarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishga doir rejalar haqida ma’lumot berildi.

Prezident sohadagi ishlarni davom ettirib, yana 1400 ga yaqin davlat aktivlarini xususiy investorlarga berishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Vazirlar Mahkamasiga xususiylashtirish dasturini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tarmoq rahbarlari bilan birga samarasiz ishlayotgan 711 ta korxonani tugatish, 262 ta korxonani qayta tashkil etish, shuningdek, 500 dan ziyod bozorlarni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq berildi. Davlat ixtiyorida saqlab qolinadigan korxonalarni boshqarish va isloh qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etish muhimligi qayd etildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda 2965 ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlamoqda. Ushbu korxonalarning yarmidan ko‘pi hatto dividend to‘lash imkoniga ega emas.

2019 yil 11 dekabr kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu korxonalarni bozor prinsiplari asosida isloh qilish, xususiy investorlarga sotish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Shundan kelib chiqib, respublika bo‘yicha yalpi xatlov o‘tkazildi.

Yil boshidan beri 299 ta davlat aktivlari 348 milliard so‘mga sotildi. Yangi investorlar ushbu ob’ektlarga jami 3,3 trillion so‘m investitsiya kiritib, 4 ming 700 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish majburiyatini olgan.

Xususan, sobiq “Chorsu” mehmonxonasi, “Samarqandkimyo” korxonasi, “O‘zbekiston” mehmonxonasidagi davlat ulushi, Qo‘ng‘irot soda zavodi sotildi. Bu ob’ektlarga 425 million dollar investitsiya kiritilib, 800 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.