Blok-postni buzib oʻtgan noqonuniy qurollangan shaxslar qoʻlga olindi (foto+video)

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi sanatoriya yoʻnalishiga oʻrnatilgan blok-post xizmati toʻsatdan tekshirildi. Bu haqda harbiy jurnalist Gʻayrat Madrahimov maʼlum qildi.

Okrug qoʻmondonligi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, noqonuniy qurollangan kichik guruh yengil avtomobilda harakatlanib, vaqtincha tashkil etilgan blok-postni buzib oʻtadi va tezkorlik bilan yashirinadi.

Blok-postda navbatchilik qilayotgan harbiy xizmatchilarning toʻsiq buzib oʻtilgandan keyingi taktik harakati, psixolok holati va tezkor tadbirlarni hamkorlikda bajarish amaliyoti koʻrib chiqildi.

Baxmal sanatoriyasi yoʻnalishidagi blok-post vaqtincha tashkil etilganiga qaramasdan, harbiy xizmatchilar karta yordamida yoʻllar, togʻ oldi hududlari, qishloqlar haqidagi maʼlumotlarni oʻrganib chiqishgan.

Toʻsiq buzilganidan soʻng shaxsiy tarkib ikki guruhga boʻlinib, harakatlandi. Jangovar texnikada taʼqibiga olingan noqonuniy qurollangan guruh mashinasini 20 daqiqadan soʻng ikkinchi guruh texnikasi pistirmada kutib oldi.

Yengil avtoulov portlashdan keyin, izdan chiqib toʻxtadi. Qoʻlga olish guruhi jinoyatchilarni qurolini tashlash haqida ogohlantirdi. Ammo bu foyda bermagach, harbiylar shiddat bilan hujumga oʻtdi.

Okrug qoʻmondoniga blok-post boshligʻi vaziyat haqida maʼlumot yetkazdi. Yaʼni mashinada uch nafar qisman harbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslar harakatlanishgan. Ulardan 1 nafari taslim boʻldi. Tekshirish davomida 2 ta AK-74 quroli, 1 ta Makarov pistoleti va portlovchi moddalar ashyoviy dalil sifatida qoʻlga olindi.

Bu kabi oʻquv mashgʻulot koʻrinishidagi toʻsatdan tekshiruv tadbirlari Samarqand va Jizzax garnizonidagi blok-postlarda ham oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.