Hukumat futbol klublarini xususiy sektorga o‘tkazishni tavsiya qilmoqda

Oʻzbekistondagi futbol klublarini xususiy sektorga oʻtkazish va futbol sohasini bozor mexanizmlari asosida boshqarish tavsiya qilinmoqda. Bu haqda Vazirlar mahkamasi tegishli qarorni qabul qildi.

Foto: Xabar.uz

Unga koʻra, Oʻzbekistonda bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida futbol bilan shugʻullanishga qiziqishini oshirish va havaskor futbolni ommalashtirish maqsadida yuqori iqtidorga ega boʻlgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish (seleksiya) tizimini tashkil etish, futbol sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish hamda futbol klublarini xususiy sektorga oʻtkazish mamlakatdagi hududiy futbol assotsiatsiyalarining asosiy rivojlanish yoʻnalishlari sifatida tavsiya etildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyati Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha daromadlari hisobidan moliyalashtirilishi maʼlum qilindi.

Qarorga koʻra, FIFA talablariga muvofiq, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan futbol boʻyicha agentlar (vositachilar) faoliyatini tartibga solish va ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi amaliyotga joriy etiladi.

Bundan tashqari, Respublika boʻylab tegishli hududda professional futbolni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi, jumladan, har bir tumandan (shahardan) hududiy birinchiliklarda ishtirok etuvchi kamida bitta futbol jamoasi va oʻtkaziladigan musobaqalarga mos ravishda markaziy stadion boʻlishi taʼminlanadi.