Turkiya sayyohlar uchun qachon ochilishi ma’lum qilindi

Bu yil Turkiyada sayyohlik mavsumining choʻqqisi pandemiya tufayli kuz oylariga koʻchirilib, dekabr oyiga qadar uzaytirilishi mumkin. Bu haqda mamlakat turoperatorlari uyushmasi (TURSAB) rahbari Firuz Baglikaya maʼlum qilgan.

Foto: 1TV

“Biz Turkiyaga bu yil sentyabr-oktyabr oylarida maksimal sayyohlik oqimini kutmoqdamiz. Noyabr oyida ham xuddi shunday zich jadval boʻlishi mumkin. Yozni uzaytirish istagida boʻlgan sayyohlar uchun dengiz kurorti qoʻshimcha imkoniyat boʻlishi kutilmoqda. Mavsum dekabrgacha davom etadi”, dedi Baglikaya.

Uning soʻzlariga koʻra, bu yil turizm sohasi uchun asosiy omil dengiz va koʻngil ochish maskanlari emas, balki mezbon mamlakat hukumati sayyohlarni taʼminlashi mumkin boʻlgan xavfsizlik darajasidir.

“Shu sababli, sayyohlar Turkiyaning ilgari koʻrmagan madaniy va tarixiy obidalarini koʻrishni xohlashlari mumkin. Bunday joylarni ziyorat qilganlarida, u yerlar dengizdan yomon emasligini his etishadi. Turkiyani yana-da yaxshiroq bilib olishadi”, dedi u.

Turkiya Madaniyat va Turizm vazirligi turizm muassasalari xodimlari va mamlakat mehmonlarining transporti, joylashishi, sogʻligʻi holati boʻyicha keng qamrovli tadbirlarni oʻz ichiga olgan sogʻlom turizmni sertifikatlash dasturini ishga tushirishini eʼlon qilgan edi. Sertifikatlashtirish dasturi toʻrt qismdan iborat: “Yoʻlovchilar salomatligi va xavfsizligi”, “Ishchilarning salomatligi va xavfsizligi”, “Obyektlarda xavfsizlik choralari” va “Transport sohasidagi xavfsizlik choralari”.