Qirg‘iz-tojik chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi

24 may kuni Qirgʻiziston va Tojikiston chegarasida yana ikki davlat harbiylari oʻrtasida toʻqnashuv sodir boʻldi. Ikki mamlakatning chegara qoʻshinlarining idoralari ushbu holat yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Kun.uz

Qirgʻizistonlik chegarachilar bergan axborotga koʻra, Vorux anklavi aholisi Botkent viloyati Botkent tumani Moʻynoq qishlogʻi hududida chorva mollarini boqishga uringan. Qirgʻiziston chegara xizmati bunga qarshilik qilgan, oqibatda tojik tomonida nomaʼlum shaxs oʻt ochgan.

Tojik chegarachilarining taʼkidlashicha, 24 may kuni ertalab qirgʻiz choʻponlari Tojikiston hududiga oʻtib, Puli Oftobroʻyo qishlogʻi aholisi bilan janjallashgan.

Soʻngra mahalliy vaqt bilan 11:40 atrofida Qirgʻiziston hamda Tojikiston chegarachilari oʻrtasida qisqa muddatli otishma sodir boʻlgan. Toʻqnashuvda Qirgʻiziston tomonidan hech kimga talafot yetmagan. Tojikistonlik chegarachilardan biri oyogʻidan jarohatlangan. Hozirda ikki davlat chegarachilari oʻrtasida kelishmovchilik kuzatilgan hududdagi vaziyat “nisbatan barqaror”.

Avvalroq, 8 may kuni kechqurun Botkent viloyatining Chek mintaqasida Chek uchastkasining 50 gektar maydonidan foydalanish masalasida Qirgʻiziston va Tojikistonning chegaradosh mintaqalari aholisi oʻrtasida mojaro kelib chiqqan. Mojaro davomida Qirgʻiziston va Tojikiston fuqarolari bir-birlarini tosh boʻron qilgandilar.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yilning 16 sentyabrida Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida otishma boʻlgan va natijada Qirgʻiziston chegara xizmati xodimi vafot etgan edi. Har ikki davlat oʻrtasida 976 kilometrlik chegara mavjud boʻlib, shundan faqat 504 kilometri boʻyicha kelishuvga erishilgan. Chegaraning qolgan hududida esa vaqti-vaqti bilan kelishmovchiliklar roʻy berib turadi.

Bu kabi muammolar, nizolar, otishmalar tez-tez sodir boʻlib turadi, sababi ikki davlat oʻz chegara hududlarini belgilashni kelisha olmagan, jumladan, muammoli Vorux qishlogʻi borasida ham murosaga kelinmagan. Belgilab olinmagan hududlarda yer, suv, chegarani noqonuniy kesib oʻtish va etnik toʻqnashuvlar kuzatiladi. Nizolar vaqtida tosh bilan bir-biriga hujum qilish baʼzan esa oʻqotar qurollardan foydalanib otishmalar sodir etish holatlari kuzatiladi.