Toshkentning eng yirik bozorlaridan birida koronavirus aniqlandi

“Oʻrikzor” savdo majmuasida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, bozor vaqtinchalik yopildi, deb xabar qilmoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi.

“Kecha “Oʻrikzor“ savdo majmuasi MCHJda jami 789 nafar fuqarodan surtmalar olingan. Tahlil natijalariga koʻra, mazkur savdo majmuasidagi oziq-ovqat doʻkonida sotuvchi boʻlib ishlovchi fuqaroda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi”, — deyiladi xabarda.

Ayni paytda ushbu bemor bilan muloqotda boʻlgan barcha fuqarolar oʻrnatilgan tartibda qatʼiy karantin kuzatuviga olindi.

Shunga koʻra, “Oʻrikzor” savdo majmuasida epidemiologik surishtiruv ishlarini oʻtkazish hamda kasallik tarqalishining oldini olish, sanitar tozalash va zararsizlantirish ishlarini oʻtkazish maqsadida savdo majmuasi faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.

Ayni paytda Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan bemorlar soni 3089 nafarga yetdi. 2492 nafar fuqarolar (81% bemor) butunlay sogʻaygan, 573 nafar bemor davolanmoqda. Ulardan 4 nafarining ahvoli ogʻir.