Andijon viloyatida 642 kilometrlik yo‘l quriladi va ta’mirlanadi

Andijon viloyati rivojlanishi uchun 7 trln soʻm investitsiya oʻzlashtiriladi, deya Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida oʻtayotgan yigʻilishda maʼlum qildi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilda Andijon viloyatida 789 ta loyiha boʻyicha 7 trln soʻmlik investitsiya oʻzlashtirilib, 42 mingta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Bunda, toʻqimachilik yoʻnalishida umumiy qiymati 106 million dollar boʻlgan 13 ta loyiha amalga oshirilib, ip-kalavani qayta ishlash darajasi 78 foizga yetkaziladi, 278 mln dollarlik eksport taʼminlanadi.

Qurilish materiallari tarmogʻida 2020−2021-yillarda 74 loyiha samarasida 106 mln dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikka 353 milliard soʻm kredit, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 20 mln dollar ajratilishi belgilandi.

Yigʻilishda qayd etilishicha, viloyatda boʻsh turgan binolardan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, aholini soliqdan ozod qilingan 60 dan ortiq turdagi kasbga oʻqitish boʻyicha davlat rahbari tomonidan topshiriqlar berildi.

Taʼlim sifatini yaxshilash, oʻquvchilarni 7-sinfdan qiziqqan kasbiga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bu kelgusida ularning bandligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

“Meni eng koʻp oʻylantiradigan masala — yoshlar va xotin-qizlar. Ularga eʼtibor, koʻmak kerak. Bilimi, qoʻlida kasb-hunari boʻlsa, hayotda oʻz oʻrnini topib ketadi, dunyoqarashi ham boshqacha boʻladi. Ota-onasi, oilasi ham davlatdan rozi boʻladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, prezident Andijon viloyati aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoq rahbarlarining hisobotini tingladi.

Maʼlum qilinishicha, 2020-yilda viloyatda aholi uchun 6 196 ta uy joylar barpo etilgan. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan 2 barobar koʻp. Davlat rahbari uy-joyga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etib, Andijon viloyatida 819 ta oilaga subsidiya ajratish zarurligini taʼkidladi. Bu yil 642 kilometr avtomobil yoʻli, 85 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi va taʼmirlanishi belgilandi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, davlat rahbari yigʻilish davomida endilikda har bir sektorda “Kambagʻallikni qisqartirish shtabi” tashkil etilishini maʼlum qilgandi.