OAV: Ramzon Qodirov kasalxonaga yotqizildi. Unga koronavirus yuqqani gumon qilinmoqda

Checheniston prezidenti Ramzon Qodirov koronavirusda gumonlanmoqda. U Moskvadagi kasalxonalarning biriga samolyotda olib kelingan. Bu haqda 21-may kuni “Interfaks” xabar berdi. Biroq mazkur xabarning rasmiy tasdigʻi yoʻq.

Foto: TACC

“Interfaks” “Moskva tibbiyot idoralariga yaqin manba”ga tayanib xabar bergan. TASS manbasi ham “Qodirov tibbiyot xodimlari nazorati ostida. Unga koronavirus yuqqani gumon qilinyapti”, deb aytgan.

Baza nashri Qodirovning oʻpkasiga zarar yetgani haqida yozdi. Dastlab, u shamollagani taxmin qilingan, lekin kundan-kunga uning ahvoli yomonlashgan.

Avvalroq Qodirov bilan birga Checheniston sogʻliqni saqlash vaziri Elxan Suleymanov ham kasalxonaga yotqizilganini norasmiy manbalar xabar qilgan edilar.

Ammo Checheniston prezidenti yordamchisi Ahmad Dudayev Qodirov va Suleymanov kasalxonaga yotqizilgani toʻgʻrisidagi xabarlarni tasdiqlamadi.