AQSH koronavirusga qarshi kurash uchun Oʻzbekistonga qoʻshimcha mablagʻ ajratadi

COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar doirasida AQSH hukumati Taraqqiyot agentligi (USAID) orqali Oʻzbekistonga qoʻshimcha 3 million dollar ajratishini ma’lum qildi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Toshkentdagi AQSh Elchixonasi matbuot xizmati

Shu bilan AQSH hukumatining Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashda koʻrsatgan bevosita yordami 5,92 million dollarni tashkil etmoqda, buning taxminan 3,8 millioni esa USAID hissasiga toʻgʻri keladi. USAID ushbu qoʻshimcha mablagʻni koronavirusga qarshi kurash va uni nazorat qilishda laboratoriyalar hamda sogʻliqni saqlash xodimlari imkoniyatini kengaytirishni davom ettirishga sarflaydi.

USAID ning Oʻzbekistondagi dasturlari keng koʻlamli test oʻtkazish uchun laboratoriya tizimlarini tayyorlash hamda virus yuqtirib olgan bemorlarga oid holatni yaxshilashga ham yordam bermoqda. Bundan tashqari, USAID dasturlari koronavirus tarqalishini toʻxtatishga koʻmaklashish va dezinformatsiya yoyilishining oldini olish maqsadida aholining zaif qatlamlariga aniq va toʻgʻri maʼlumot yetkazish orqali mahalliy jamoalar bilan munosabatlarda hamkorlik qilmoqda.

COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashga qaratilgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash bilan birga, USAID mamlakat iqtisodini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni kuchaytirish, salomatlikka jiddiy xavflarni bartaraf etish hamda aholi ehtiyojlarini qondirishda hukumat imkoniyatlarini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston hukumati bilan birgalikda ish olib bormoqda.

Ulashish