Rossiyada Gʻalaba paradi va Konstitutsiya boʻyicha ovoz berish 24-iyunda oʻtkazilishi mumkin

Kremlda Konstitutsiyaga oʻzgartish kiritish boʻyicha ovoz berish va Gʻalaba paradini bir kunda — 24-iyunda oʻtkazish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda. Bu haqda RBK Rossiya prezidenti administratsiyasiga yaqin manbaga tayangan holda xabar berdi.

Foto: Meduza

Gʻalaba paradi oʻtkazilishi uchun asosiy sana sifatida hozircha aynan 24-iyun koʻrilmoqda. Chunki 1945-yilning aynan shu kuni Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan gʻalaba munosabati bilan harbiy parad boʻlib oʻtgan edi.

Prezident administratsiyasiga yaqin manbalarning aytishicha, iyun oyida parad oʻtkazilishi koronavirus epidemiyasi tufayli uzoq vaqt davom etgan cheklovlardan soʻng odamlar uchun ragʻbatlantirish shakli boʻladi. Bundan tashqari, ikkita tadbir – parad va ovoz berishni bir kunda oʻtkazilishi hamma uchun qulaylik yaratiladi, chunki 24-iyun chorshanbaga toʻgʻri kelgani bois dam olish kuni deya eʼlon qilinadi.

Epidemiya sharoitida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻtgan hafta saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartishlarga binoan ovoz berishni pochta orqali amalga oshirish imkoniyatlarini yaratib berilishi ham istisno qilinmayapti.

Koronavirus pandemiyasi tufayli Konstitutsiyaga oʻzgartish kiritish yuzasidan ovoz berishni nomaʼlum muddatlarga koʻchirish borasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 25-mart kuni eʼlon qilgan edi. Aprel oyi oʻrtalarida Gʻalaba paradi ham keyinga qoldirilishi eʼlon qilindi, oʻshanda “epidemiya bilan bogʻliq xatarlar hamon yuqori” ekanligi bilan izohlangan edi. Oʻshanda Putin yangi sanani tilga olmagan edi.