Elchi Elis Uells 31 yillik mehnat faoliyatidan soʻng, AQSh Davlat departamentidagi karyerasini yakunladi

2017-yildan buyon AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi birinchi oʻrinbosari lavozimini egallab kelgan Elis Uells joriy yilning may oyi yakunida ushbu lavozimni tark etadi.

Foto: Toshkentdagi AQSh Elchixonasi matbuot xizmati

Bu haqda “Korrespondent.uz” ning Davlat departamenti xodimining diplomatik karyerasini yakunlashi munosabati bilan tashkil etilgan press brifingda ishtirok etgan muxbiri Ixtiyor Rahman xabar qildi.

Brifing davomida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Uells xonim faoliyati davomida Oʻzbekistonda kuzatilgan islohotlarga ham toʻxtalib oʻtdi.

– Soʻnggi uch yil ichida mintaqada yuz berayotgan oʻzgarishlar Oʻzbekistonda prezident Mirziyoyevga siyosiy oʻtish boʻldi. Mamlakat prezidentining olib borayotgan islohotlar dasturi hayratomuz. U hamkorlik va oʻsish uchun yangi yoʻllarni ochmoqda. Bu esa mintaqani Afgʻoniston, Pokiston va Hindiston bilan aloqalarni kengaytirishiga hamda Markaziy Osiyoning harakatlantiruvchi kuchiga aylangan, 30 milliondan ortiq aholiga ega boʻlgan mamlakatning salohiyatini ochish uchun imkoniyat beradi, – deydi press brifing chogʻida Elchi Uells.

Davlat departamenti xodimining fikricha, islohotlarni amalga oshirish har doim ham qiyin boʻlgan. Jarayon ikki qadam oldinga yursa, bir qadam ortga ham tashlaydi va doim unda raqiblar ham boʻladi.

– Va menimcha, Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning yana-da demokratik va ochiq jamiyatga erishishi uchun ushbu uzoq muddatli, uslubiy taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlashga tayyor va qatʼiydir, – deya qoʻshimcha qiladi elchi.

Elis Uells AQSh va Oʻzbekiston munosabatlarini bugungi holatini yuqori, “toʻla qonli va keng qamrovli” deya baholaydi. Diplomat Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik sohasida erishilgan yutuqlarni olqishlaydi va hozirgi oʻzgarish dinamikasi davom etishiga umid bildiradi.

Xizmat faoliyati yuzasidan Iordaniyada yashayotgan Haydi va Ves Uells oilasida tugʻilgan Elis mehnat faoliyatini AQSh tashqi xizmat tashkilotida boshlaydi. U diplomat sifatida Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Rossiya va Misrda xizmat qilgan.

U oxirgi marta oʻtgan yili Toshkent shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston-AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining yettinchi raundida ishtirok etib, mamlakatga tashrif buyurgandi.