AQSh ekspertlari: Tolibon bilan vaqt boy berilmoqda

Afgʻonistonni uzoq yillardan beri oʻrganib kelayotgan ekspertlar nazarida, Qobulda yangi hukumat ish boshlar ekan, Tolibon bilan til topishish asosiy vazifa deb belgilanishi kerak, deb yozadi “Amerika Ovozi” nashri.

Foto: Amerika Ovozi

Nyu-York universitetidan Barnett Rubinning tahlilicha, Tolibon bilan muzokara qilish uchun markaziy hukumat oʻziga ishonishi va birdam boʻlishi shart.

“Abdulla Abdulla va u bilan murosa qilgan Prezident Ashraf Gʻani” buni tushunadi”, — deydi Rubin.

Toliblar markaziy hukumatdan kamida 5 000 mahbusni ozod etishni talab qilmoqda. Xurujlar, portlashlar tinmagan. Muzokara boshlash uchun shartlarni koʻrib chiqish va muzokarada tomonlar oʻzini qanday tutishi zarurligini aniqlashtirilish kerak, deydi Rubin. Hozirgacha ular mavhum.

AQSh Tolibon bilan tinchlik tomon qadam tashlash yuzasidan kelishib olgan edi. Lekin Vashingtonga koʻra, bu qurolli muxolifat bitim shartlarini tinimsiz buzmoqda. Tolibonning maqsadi tinchlik emas, degan qarash keng tarqalgan.

Rubinning fikricha, AQSh bilan kelishuv shartlari toʻliq oshkor etilmagani bois Tolibon bundan foydalanib, oʻz kuchini koʻrsatib turibdi, yaʼni uning aytgani boʻlmasa, jangarilar quroliga tayanib ish koʻraveradi. Asosiy muammo markaziy hukumatning zaifligi. Shu masala ustida ishlash kerak, deydi olim.

Markaziy hukumatdan asirdagi toliblarni ozod etish soʻralgan va boshqaruv sust harakat qildi, deydi Rubin.

AQSh nima qila oladi hozir?

“Urush toʻxtamagan. Bitim bilan tinchlik taʼminlanmaydi. Bitim shartlari bajarilsa, tinchlik yuzaga kelishi mumkin. Agar maqsad tinchlik boʻlsa, har ikki tomon barqarorlik sari qadam tashlashi kerak. Xalq hozircha buni koʻrmayapti”, — deydi Rubin.

Uning tushuntirishicha, AQSh har ikki tarafni tinchlik uchun bir yoqadan bosh chiqarishga unday olishi lozim. Juda qiyin ish, lekin boshqa yoʻl yoʻq, deydi tahlilchi. Qobuldagi siyosatchilarning bir-biri bilan chiqisha olmagani toliblarga qoʻl keldi va ularni kuchli taraf sifatida koʻrsatdi. Yangi hukumat buni oʻzgartira olishi kerak.

AQSh Tinchlik institutidan Skot Vordenning tahlilicha, markazdagi kelishuv, yaʼni Ashraf Gʻani va Abdulla Abdullaning murosasi umidlarni yangiladi, xalq katta oʻzgarishlar kutmoqda.

“Afgʻoniston bosh qomusi ijroiya organiga katta vakolatlar beradi. Qay vazifaga kimni tayinlash — oʻta muhim omil”, — deydi olim.

Vordenning tushuntirishicha, yangi hukumat serqirra boʻlishi va barcha siyosiy kuchlar olgʻa surgan ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etmogʻi lozim.

Davlat, millat va jamiyat sifatida Afgʻoniston oʻziga ishona boshlashi uchun birdamlik yetishmay keladi. Lekin bu haqda tinimsiz gapiriladi. Konstitutsiyada koʻrsatilganidek, milliy uygʻunlik sari yoʻnalsa, Tolibon ham murosa qilishga majbur boʻladi, deydi Vorden. Qurolli muxolifatga kuch berayotgan omil mamlakatda mana shu milliy uygʻunlikning yoʻqligidir.

Yangi hukumatdan moʻjizalar kuta olmaymiz, deydi Vorden, uning muvaffaqiyat qozonishi uchun yordam zarur. Tolibon Gʻani va Ashrafni Gʻarb qoʻgʻirchoqlari deb biladi. Ular bilan jiddiy muzokara boshlamay, asosan AQSh va boshqa davlatlar bilan gaplashib, toliblar oʻziga xos ustunlikni taʼminlab kelmoqda.

“Tolibon shu paytgacha markaziy hukumatni noqobillikda, xususan, mahbuslarni ozod etishni vaʼda qilib, keyin ahdidan qaytganlikda ayblab keldi. Qobuldagi rahbarlar xalq oldida buning aksini isbotlashga urinadimi yoki yangi bir siyosiy qarorlar qabul qiladimi?“

Skott Vorden singari ekspertlar Gʻani va Abdullani mana shu masalalar ustida bosh qotirishga undamoqda. Tolibonni yovuzlik va zulmda ayblash bilan tinchlik taʼminlanmaydi, deydi Vorden.