Ronaldu uzoq tanaffusdan so‘ng mashg‘ulotlarga qaytdi

Turinning “Yuventus” jamoasi futbolchisi, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu 72 kundan soʻng oʻz klubining mashgʻulotlar bazasiga qaytdi.

Foto: Facebook

Maʼlumotlarga koʻra, Italiya A Seriyasi qachon boshlanishi nomaʼlum boʻlsada, jamoalar mashgʻulotlarni davom ettirishga kirishgan.

19 may kuni “Yuventus”ning portugaliyalik yulduzi Ronalduni klubning Kontinassa shahridagi mashgʻulotlar bazasiga kirib ketishayotganining guvohi boʻlishgan.

“Corriere dello Sport” nashrida futbolchi mashgʻulotlarga kirishishdan oldin baʼzi jismoniy sinovlardan oʻtishi maʼlum qilindi.

Maʼlumot oʻrnida, Krishtianu Ronaldu Italiyada koronavirus tarqalishidan oldin Portugaliyaga joʻnab ketgan edi. A Seriya bahslari esa 9 martdan toʻxtatilgandi. Italiya Bosh vaziri Juzeppe Konte 18 maydan eʼtiboran mamlakatdagi futbol jamoalari mashgʻulotlarga qaytishini eʼlon qildi. Shu kuni Italiya futbol federatsiyasi A Seriyada oʻyinlar 14 iyungacha boshlanmasligini maʼlum etdi.