Davlat aktivlarini tadbirkorlarga sotish tizimida haligacha byurokratizm bor – Prezident

19 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 may kuni tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Foto: President.uz

Yigʻilishda davlat aktivlarini tadbirkorlarga sotish tizimi tanqid qilindi, unda haligacha byurokratizm saqlanib qolayotgani aytildi.

Jumladan, auksionga qoʻyilgan ayrim yer uchastkalari va koʻchmas mulk obyektlarining investitsiya majburiyatlari yuqoriligi, infratuzilma rivojlanmagan joylardan ajratilgani sababli ularning 53 foizi koʻpdan beri sotilmay turibdi. Shuningdek, 57 ta tuman va shaharda soʻnggi 4 oyda tadbirkorlik uchun birorta yer uchastkasi auksionga chiqarilmagan. Joylarda davlat ulushi mavjud 552 ta obyekt boʻsh turibdi.

Ushbu inshootlarda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, ayrimlarida kichik sanoat zonalari tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bundan buyon kichik sanoat zonalari mulk huquqi asosida tashkil etilib, boshqaruvga xususiy sektor keng jalb qilinadi. Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hokimliklar bilan birga ushbu kichik sanoat zonalari joyini aniqlash, infratuzilmasiga mablagʻ ajratish, boshqaruvga xususiy sektorni keng jalb qilish bilan shugʻullanadi. Ularni infratuzilmaga ulash uchun joriy yilda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 200 milliard soʻm ajratiladi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga ajratilgan 1 trillion soʻm kredit mablagʻlarini qaytarish muddati uzaytirildi. Shu bois, ushbu dasturni toʻliq amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 100 million dollar resurs ajratildi.

Prezident mahsulot, uskuna, xomashyo hamda aylanma mablagʻlar uchun kredit olishda tadbirkorlarga oʻrnatilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi kerakligini taʼkidladi. Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.

Mahsulotlarga talabni yaratish uchun savdo faoliyatini ragʻbatlantirish, aholining isteʼmol qobiliyatini oshirish maqsadida isteʼmol kreditlari berishni kengaytirish lozimligi qayd etildi.